Allergiya yoki changga sezuvchanligingiz boʻlsa koʻchaga chiqmang — poytaxt hokimligi

28-yanvar kuni poytaxtda kuchli shamol, yomgʻir, nam qor yogʻishi hamda havo haroratining pasayishi kuzatilmoqda.

Bugun, 28-yanvar kuni poytaxtda kuchli shamol, yomgʻir, nam qor yogʻishi hamda havo haroratining pasayishi kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimligi ogohlantirish bilan chiqdi.

Bildirilishicha, ob-havo sharoitining yomonlashuvi sababli simlarning uzilishi, daraxtlarning qulashi va havoda chang miqdorining koʻpayishi kuzatilishi mumkin.

Hokimlik quyidagi tavsiyalarga alohida eʼtibor qaratishni soʻragan:

  • avtomobillaringizni daraxtlar va elektr uzatish liniyalari ostida qoldirmang;
  • koʻchada yurishni cheklang, ayniqsa allergiya yoki changga yuqori sezuvchanligingiz boʻlsa;
  • shahar boʻylab harakatlanishda ehtiyotkor boʻling;
  • oʻzingizni, yaqinlaringizni va shaxsiy mulkingizni asrang.

Shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda 112, 1055, (71) 212-69-80, (71) 212-69-82 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkinligi eslatib oʻtilgan.