Qo‘mita majlisida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi va qator dolzarb masalalar muhokama etildi

Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar salmog‘i avvalgi yillarga nisbatan 2 barobarga oshirilib, 27 foizga yetgan.

Joriy yilning 13-yanvar kuni Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda Senat a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mas’ul xodimlari, ekspertlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari a’zolari, shuningdek Yoshlar parlamenti vakillari ishtirok etdi.

Dastlab “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, ushbu Strategiyada belgilangan maqsad va ko‘rsatkichlar har bir inson va oila hayotida yaqqol sezilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar asosida qayta ko‘rib chiqilib, takomillashtirilgan.

Strategiya loyihasida ijtimoiy sohada qator muhim maqsadlar belgilangan. Xususan, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni tarbiyalashda 100 foiz muqobil shakllarni joriy etish, “Ayollar daftari” orqali kambag‘allikdan chiqarilgan xotin-qizlar ulushini 70 foizga yetkazish, tadbirkor ayollarga ehtiyojmand xotin-qizlarni biriktirish orqali ular kasbga va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga erishish hamda 100 ming nafar xotin-qizning imkoniyatlarini oshirish kabi vazifalar ko‘zda tutilgan.

Madaniyat va sport sohalarida ham keng ko‘lamli rejalar belgilangani qayd etildi. Jumladan, madaniy meros obyektlarini saqlash uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larni 30 foizga oshirish, 2,5 mingta arxeologik ashyoni davlat katalogiga kiritish, 1,1 mln muzey ashyosini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Sport sohasida esa xususiy sport markazlari, fitnes maydonlari va to‘garaklar bilan hamkorlikni kuchaytirish orqali 7–35 yoshli aholining sport bilan muntazam shug‘ullanish darajasini 40 foizga yetkazish, shuningdek, kamida 5 ming mahallada zamonaviy sport maydonchalarini barpo etish maqsad qilingan.

Strategiya loyihasida yoshlar bandligi masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasini 15 foizdan 11 foizga tushirish, 2030 yilga qadar sanoat sohasini rivojlantirish hisobiga qo‘shimcha 400 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash choralari nazarda tutilgan.

Majlis davomida Strategiya loyihasida belgilangan maqsad va vazifalar yuzasidan ma’ruzalar tinglanib, ishtirokchilar tomonidan tegishli fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, Senatning tegishli qarori asosida voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Parlament so‘roviga berilgan javoblar tahlili natijasida ayrim masalalar to‘liq yechimini topmagani ma’lum bo‘ldi. Xususan, doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan yoki daromadi aniqlanmagan aliment to‘lovchilardan aliment undirish tartibini takomillashtirish, “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan to‘lab berilgan mablag‘larni qarzdorlardan undirish, shuningdek, “Bolalarga aliment undirish va oilani ta’minlashning boshqa shakllarining xalqaro tartibi to‘g‘risida”gi Gaaga konvensiyasiga qo‘shilish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Kun tartibiga muvofiq 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil qilindi.

Ma’lum qilinganidek, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash, xotin-qizlarning iqtisodiy hamda ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.

Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar salmog‘i avvalgi yillarga nisbatan 2 barobarga oshirilib, 27 foizga yetgan.

“Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturining 4 ta mavsumi yakunlanib, unda jami 244 nafar xotin-qiz o‘qitilib, ulardan 60 nafarining lavozimida o‘sganligi qayd etilgan.
2025-yilda xotin-qizlarning 12,4 mlrd so‘mlik 21 ta startap loyihasi qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan jamiyatda “ayol siyosatchi” obrazini shakllantirishga qaratilgan 105 tadan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, ularga 27 ming nafardan ziyod aholi jalb etilgan.

Agrar sektorda xotin-qizlarning mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirish, iqtisodiy imkoniyatlarini oshirish maqsadida 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan Gender tenglik strategiyasi ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Budjet mablag‘larini rejalashtirishda gender yondashuvini joriy etish maqsadida maxsus gender indikatorlar ishlab chiqilib, ular barcha vazirlik va idoralarga budjet dasturlarini shakllantirishda foydalanish uchun taqdim etilgan.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak e’tirof etilmoqda. Xususan, Parlamentlararo ittifoqning Jenevada bo‘lib o‘tgan 151-sessiyasida O‘zbekiston  parlamentlarning quyi palatalarida xotin-qizlar faolligi bo‘yicha dunyoda 15-o‘rinni egallagan.

Shuningdek, Ochiq gender ma’lumotlari indeksida O‘zbekiston eng yaxshi 20 ta davlat qatoriga kirgan. Gender tenglik va boshqaruv indeksida esa mamlakatimiz o‘z o‘rnini 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarib, 51 pog‘onaga yaxshilagan.

Majlisda davlat xizmatida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, nodavlat notijorat tashkilotlari salohiyatini oshirish, gender siyosatini amalga oshirishda ular ishtirokini kengaytirish, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Majlis doirasida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan hukumatga kiritilgan takliflarning kelgusidagi ijrosini ta’minlash yuzasidan atroflicha va tanqidiy muhokama o‘tkazilib, tegishli aniq vazifalar belgilab olindi.