Sirdaryo qovunlari Xitoy bozori uchun sanoat asosida tayyorlanmoqda

Sirdaryo viloyatidan joʻnatilgan “Oq urugʻ”, “Obinovvot”, “Koʻkcha” va “Joʻraqand” navli qovunlarni sanoat usulida qayta ishlash imkoniyatlari tahlil qilindi

Oʻtgan yili Xitoyning Fuszyan provinsiyasida joylashgan salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi “Pan Pan Foods” kompaniyasi laboratoriyasida Sirdaryo viloyatidan joʻnatilgan “Oq urugʻ”, “Obinovvot”, “Koʻkcha” va “Joʻraqand” navli qovunlarni sanoat usulida qayta ishlash imkoniyatlari tahlil qilindi. Oʻrganishlar natijasida “Obinovvot” va “Joʻraqand” navlari eng maqbul deb topildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Mutaxassislar ushbu navlar tabiiyligi, tozaligi, xushboʻyligi va shirin taʼmi bilan ajralib turishini, hatto 85 darajagacha sovitilgan holda ham oʻz xususiyatlarini yoʻqotmasligini qayd etdi. Xitoylik ekspertlar xulosasiga koʻra, mazkur qovun navlarini bemalol sanoat usulida qayta ishlash mumkin.

Sirdaryo viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning oʻtgan yil oktyabr oyida Xitoyga amalga oshirilgan xizmat safari davomida ham qovunni sanoat usulida qayta ishlash, undan turli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish masalasi atroflicha muhokama qilindi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qovunni qayta ishlash yoʻlga qoʻyilishi dehqonlar daromadini sezilarli oshiradi. Qolaversa, sohani sifatli urugʻlik bilan taʼminlash va intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish orqali qovun yetishtiruvchilarning daromadi hozirgi koʻrsatkichga nisbatan kamida ikki barobarga oshishi kutilmoqda.