Yangi tashkil etilgan tizim – Axborot xizmatida bir yil ishladim. Shanba-yakshanbasiz, ertadan to yarim kechgacha, har kuni, har soatda birdek fidoyilik va sadoqat bilan. Menga kuch bergan narsa ISHONCH edi.
Bir yilda 256 ta axborot yozib tarqatibman, 44 ta tanqidiy chiqishlarga munosabat bildirdik, 126 ta videorolik, 2 ta videofilm tayyorladik. Jurnalistlar uchun 8 marta mediatur, 6 marta, shundan 2 tasi xalqaro konferensiyalar tashkil qildik. 7 ta mamlakat ommaviy axborot vositalarida Farg‘ona viloyati haqida maqolalar chop ettirdim. 3 marta viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyevning matbuot konferensiyalarini o‘tkazdik. Ularning birida yurtimiz va xorijiy mamlakat OAVlarining 60 ga yaqin vakillari ishtirok etdilar. Farg‘ona viloyati qishloq xo‘jaligi haqida 1 ta kitob chop etdik.
Bularning barchasi qanchalar salmoqli va havas qilarli bo‘lmasin, ular raqamlar xolos. O‘tgan bir yilda o‘zim uchun, matbuotda munozarali, aksariyat hollarda asossiz tanqidlarga uchraydigan, lekin muzyorar kemadek har doim olg‘a intiladigan rahbar – Gʻaniyevni shaxsini kashf etdim.
Serjahl, dastlabki paytda so‘kong‘ich, ammo adolatli, va’dasini bajarish, so‘zining ustidan chiqish uchun hech narsadan qaytmaydigan, barcha sohani yillar davomida o‘qib o‘rgangan, rahbarlikning haddini olgan Gʻaniyev yonida ishlash ham faxrli, ham oson emasdi.
***
O‘sha 2019 yil sentyabrida Shuhrat Gʻaniyev matbuotni, jurnalistlarni uncha xushlamas edi. Bu esa menga asosiy vazifam – viloyat hokimligi hamda rahbari imidji ustida ishlashga xalaqit berardi.
Gʻaniyev “Menga reklama kerak emas, viloyatdagi ishlarni, odamlarning mehnatini ko‘rsatsin ular”, der edi har doim. Eng avvalo, hokimning viloyatdagi kundalik faoliyati, safarlari chog‘ida men bilan tasvirchi ham birga bo‘lishiga ko‘ndirdim.
Korxona, o‘quv yurtlari, mahallalar, fermerlar... huzuridagi uchrashuvlar chog‘ida ko‘tarilgan muammolar va ularni qanday qilib yechmoqchi bo‘lgani haqida yozib, gazeta, turli ijtimoiy saytlarga joylashtirdik, videoroliklar tayyorlab, viloyatdagi televideniyelarda namoyish qildik. Shunda ko‘proq odamlar Gʻaniyev haqida ijobiy fikrlarni gapira boshladilar. Bundan xabar topgan hokim menga sir bermasdi-yu, lekin endi kameraga monelik qilmay qo‘ydi, aksincha, ba’zan uning qarshisida voqelik, odamlar, rahbarlar, muammolar haqidagi fikrlarini ochiq-oydin aytadigan bo‘ldi. Men uni shu kuniyoq (Axborot xizmati kichik studiyasida necha martalab tonggacha qolib ketar edik) tayyorlab telegram kanali, feysbuk sahifasiga joylar, OAVlariga yuborardim. Bunday tig‘iz ishlash vaziyat taqozosi bo‘lgan. Chunki ertasi kuni hokim yana bir tuman yoki shaharga borar, odamlar bilan uchrashar edi-da.
Keyinroq jurnalistlar bilan yuzma-yuz uchrashuvni, matbuot konferensiyasi o‘tkazishni taklif qildim. Esimda, birinchi bor hokim anchayin katta tayyorgarlik ko‘rgan. Jurnalist va blogerlar zalni to‘ldirib o‘tirar edilar. Men hokim oldiga kirib, hamma kutayotganini aytdim.
– Qanday savollar berishmoqchi, bildingizmi? – dedi u.
Gʻaniyevni ilgari bunday kayfiyatda ko‘rmagandim. U hayajonlanardi.
– Yo‘q, – dedim men. – Lekin savollar ko‘p bo‘ladi.
Men matbuot kotibi sifatida konferensiyani boshqardim. Aytganimdek, savollar jiddiy edi. Viloyat iqtisodiyotidagi muammolardan to hokimning qattiqqo‘lligigacha... Ammo Gʻaniyev ba’zan savollardan biroz achchiqlansa-da, baribir batafsil hamda asosli javob berardi.
To‘satdan “Ruxsor TV” muxbiri “Siz talabchan hokim, afg‘onchi jangchi, kitobxon insonsiz. Shu bilan birga, mohir bokschi ham deyishadi, shu rostmi?”, deb qoldi. Bu savol matbuot konferensiya-sining ruhini tamomila o‘zgartirib yubordi. Gʻaniyev yosh bolalardek samimiy kuldi va bir vaqtlar respublika musobaqalarida sovrindor bo‘lgani, murabbiylari haqida gapirdi. Hozir ham haftada bir marta boks ringiga chiqib, o‘ziga munosib mahoratli raqibi bilan shug‘ullanishini aytdi. Keyin bolaligi, dadasidan olgan hayot saboqlari, byudjet xarajatlari, “yuqori” bilan munosabatlar, she’riyat, Rishtondagi “uy buzilishlari”, toshloqliklar haqida ichki, ishchi yig‘ilishidan yozib olingan ovoz... xullas, bir yarim soatda tilga olinmagan mavzu qolmadi chog‘i.
Bu matbuot konferensiyasi, menimcha, Gʻaniyev shaxsiyati haqida odamlar fik-rini tamomila o‘zgartirdi. Uchrashuv televideniyeda ko‘rsatilgach, yuzlab xat va qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Hatto, O‘zbekiston xalq shoiri To‘lan Nizom hokimga maktub yo‘llab, men sizni qayta kashf etdim, deb yozgandi.
Axborot xizmati rahbari va jurnalis-tika ayro yo‘nalishlardir. Ularning vazifasi, faoliyatidagi me’yorlari, ish uslublari bir-biridan tubdan farq qiladi.
Jurnalist axborot izlaydi, uni qayta ishlaydi va tarqatadi.
Axborot xizmati xodimi esa, avvalo, shu idora, uning rahbari obro‘sini “yaratish”ga mas’ul. Qaysidir axborotni OAVlariga yetkazadi, qaysinisidir yashiradi, yana qaysisini “tashkil etadi”. Uning ishonchli chiqishi esa xodimning mahoratiga bog‘liq.
Men faoliyatim davomida bulardan tashqari tanqidiy axborotlarga rasmiy munosabat berib borardim. Tanqidlar esa hamisha ham asosli bo‘lavermas edi. Shunda xabardagi zaif joyni mahkam tutib olardim va muallif yoki OAVga munosabat bildirib, kuchli zarba berardim. O‘quvchi, tomoshabin yoki ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ongiga ta’sir qilib hokim yoki hokimiyat haqidagi bahsli fikrini ijobiy tomonga o‘zgartirishga harakat qilganman. Masalan, “Human.uz”, “Hordiq.uz”, “FB”dagi bir necha taniqli faollarni asossiz gaplari uchun kechirim so‘rashga majbur qildim. Shunday voqealarning biri “Ozodlik” radiosi bilan bo‘ldi.
“Ozodlik” radiosi Quvasoy IIB xodimlari Mirzohid Yo‘ldoshev ismli shaxsni tergov chog‘ida urib o‘ldirib qo‘yishdi, degan axborot tarqatdi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, bu xabar yolg‘on bo‘lib, Mirzohid Yo‘ldoshevni IIBga bir jinoyat ishi yuzasidan gumonlanib, boshqalar qatori chaqirishgan. Masala oydinlashgach, u uyiga qaytgan. Lekin insayder yolg‘on xabar yuborib, “Ozodlik”ni chuv tushirgan.
“Ozodlik” yolg‘on axborot uchun uzr so‘ramagach, shu voqea asosida ingliz tilida xat yozib, AQSH davlat departamenti rahbari Mayk Pompeoga yubordim. Bilmadim, shu sabablimi yoki boshqa sabab, lekin tez orada “Ozodlik”ning o‘zbek shoʻbasi rahbari almashtirildi.
Shu voqeadan keyin men hokimga “Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imomovaning taklifini aytdim.
– Mayli kelsinlar, intervyu bersak beraveramizda, – dedi u.
Navbahor Imomova tajribali jurnalistgina emas, katta siyosatchi ham edi. U bir yarim soat hokimni “terlatdi”. Lekin Gʻaniyev ham anoyilardan emasdi.
– Sizni Mirziyoyevning erkasi, Prezidentning eng yaqin odami deyishadi, shu rostmi? – so‘radi Navbahor.
Gʻaniyev bir soniya ham o‘ylanmay:
– O‘zbekiston xalqining barchasi Prezident odami va erkasi. Men esa ularning biriman xolos! – deb javob qildi.
Amerikalik jurnalist yana o‘nlab “qitmir” savollar berdi va har gal Gʻaniyev vaziyatdan topqirlik bilan chiqib ketar edi.
Keyinchalik Xitoy, Koreya, Fransiya, Buyuk Britaniya jurnalistlari uchun intervyular tashkilladim. Gʻaniyev hamisha qandaydir ichki ishonch va yuqori ruh bilan savollarga javob berardi. Axborot rahbari uchun bu juda muhim natija edi.
Bir yil ichida Gʻaniyevning viloyat OAVlari va ularda ishlaydigan jurnalistlarga ham munosabati tubdan o‘zgardi. Endi u faol va tanqidchi jurnalistlarning familiyasigacha yoddan bilardi.
***
Faoliyatim davomida OAVlari bilan bog‘liq jiddiy holatlar bo‘lib turgan. Va shunday paytda men Gʻaniyevni darhol topishim, javob yuzasidan maslahatlashishim kerak bo‘lar edi.
Bir gal ijtimoiy tarmoqda, so‘ng internet saytda viloyatda majburiy mehnat mavzusida mutlaqo asossiz axborot tarqatildi. Uni kimlar tashkil qilayotganini bilar edim. Ammo chora ko‘rish uchun Gʻaniyev maslahati kerak bo‘lib qoldi. Odatda ikki-uch bor chaqiriq yangragach, telefonga javob qaytarar edi. Ammo bu gal bir necha bor qo‘ng‘iroq qildim, telefonni olmadi. Shunda hokim haydovchisi bilan bog‘landim.
– Qayerdasizlar, hokim chaqiruvga javob bermayapti, – dedim hovliqib.
Haydovchi bilardiki, men bejiz so‘ra-mayman.
– Qabristondamiz. Hokim yolg‘iz kirib ketgan...
Koronavirus Shuhrat Gʻaniyev oilasini ham chetlab o‘tmadi. Akasi Avaz Gʻaniyevni viloyat shifoxonasida davoladilar. Lekin...
Bir kuni hokimni juda mahzun holatda uchratdim.
– Bugun akamni uyga olib keldik, – dedi u titroq ovozda. So‘ng ko‘zlari jiqqa yoshlandi. – Otamdan yosh qolganimda Avaz akam meni ota bo‘lib tarbiyalagan.
Qarshimda irodasi qattiq, ruhi baland, iqtidori, qudratidan qarashlari, ovozi qat’iy hokim Shuhrat Gʻaniyev emas, guyo butunlay boshqa, mehribon va sadoqatli, shu topda zarur bo‘lsa akasiga jonini ham berishga tayyor, ammo Yaratganning hukmi oldida ojiz uka turardi...
Ertasi kuni... u akasidan ayrilib qoldi.
... Men qabristonga keldim. Haydovchi ichkariga imo qildi.
Asta qadam bosib qabristonga kirdim. Yo‘lakdagi archalar orqasida, akasi qabri tepasida ko‘z yoshi yuzini yuvsa-da, qiroatning zebu zabarini joyiga qo‘yib Qur’on tilovat qilayotgan Shuhrat Gʻaniyev o‘tirardi. Uning barmoqlari qabr tuprog‘ini ohistalik bilan silardi.
Ko‘nglim allanechuk bo‘lib ketdi. Og‘a-ini o‘rtasidagi mehr shunchalarmi...
Shuhrat Gʻaniyev qo‘l ostidagilar gapini darhol ma’qullab qo‘ya qolmasdi. Har bir axborotni kamida ikki-uch manbadan tekshirgach, so‘ng qaror qabul qilardi. Bir safar videoselektor boshlanadigan payt shoshib hokim oldiga kirdim. U stoli ustidagi qog‘ozlarni ko‘zdan kechirar, raqamlarni solishtirar edi.
– Shuhrat Madaminovich, selektorni bekor qiling, – dedim hokimga. U avvaliga gapimga tushunmayroq qoldi shekilli:
– Hmm... Nima, nima dedingiz? – so‘radi hayratlanib.
– Selektorni qoldiring!
Hokim qo‘lidagi qog‘ozlarni stol ustiga zarda bilan tashladi. Yuzida norozilik paydo bo‘ldi.
– Men viloyat hokimiman va menga Prezident, Bosh vazir, ba’zida maslahatchilar topshiriq beradi. Siz-chi? Siz nega buyruq beryapsiz?!
– Men sizning axborot siyosati bo‘yicha maslahatchingizman. Buyruq ham, topshiriq ham emas, maslahat beryapman. Selektorni bekor qiling.
– Bekor qilmasamchi?
– Unda Sizga mening keragim yo‘q ekan, deymanu ketaman, – dedim turgan joyimdan burilib. Ammo hokim fikridan qaytmadi.
– O‘zi juda haddingizdan oshib ketdingiz!
Men hokim xonasidan tez-tez yurgancha chiqib ketdim. Qabulxonadan o‘tib, qavat o‘rtasidagi zinaga yetganimda hokim yordamchisi Umidjonning ovozi eshitildi.
– To‘xtang, aka!
U yonimga yetib keldi-yu, araz aralash dedi:
– O‘rtangizda o‘lib bo‘ldimku. Har ikkingizning achchig‘ingiz burningizning uchida-ya.
Meni ortga qaytardi.
Shuhrat Madaminovich achchig‘idan tushmagan ekan.
– Selektorni qoldirdim. Xo‘sh, endi ayting, qanday muhim sababi bor edi?
Menga insayderlarim viloyat tumanlaridan birida bugun hokimning selektordagi ovozini to‘liq yozib olishga tayyorgarlik ko‘rishayotganini yetkazgan edi. Selektor kun tartibida esa bir sohadagi qoloqlik muhokama qilinishi lozim. Hokim mas’uliyatsiz rahbarlar faoliyatiga baho bera turib, jahl ustida biron qo‘pol ibora ishlatib yubormasligiga esa kafolat yo‘q...
Darvoqe, insayderlar haqida. Axborot xizmati rahbari bu masalaga albatta alohida e’tibor qaratishi lozim. Men ham ularning xizmatidan ish faoliyatim nuqtai nazaridan kelib chiqib foydalanganman. Ularning yetkazgan axborotini haqiqat deb qabul qilmas edim, turli manbalar orqali tekshirardim. Lekin, foyda keltirgani ham oz bo‘lmagan.
Viloyat hokimligidagi faoliyatim davrida bir narsaga iqror bo‘ldim: odamlarga shoshqaloqlik bilan baho bermang. Xato qilib qo‘yishingiz mumkin. Gʻaniyev masalasida ham shunday. Uni o‘ta talabchan, qahri qattiq deyishardi. Aslida hokim tabiatida beg‘uborlik, ishonch, rostgo‘ylik ustunroq bo‘lgan.
Axborot xizmatidagi faoliyatim davomida bir marta ishdan ketishga qat’iy qaror qilganman. Ammo... do‘stlarimdan biri meni hovurimdan tushirgan.
... Ijtimoiy tarmoqda Gʻaniyevga tegishli deb “Blogerning janozasi o‘qilganmi?” degan ovoz rosa aylantirildi. U, darhaqiqat, Gʻaniyev ovoziga o‘xshar edi. Ammo hokim men bunday demaganman, deb turib oldi.
“FB”dagi ovoz darhol internet saytlarga ko‘chdi va hokimlikdan rasmiy izoh so‘rashdi.
Men bayonot bilan chiqdim. U hokimning raddiyasiga asoslangan edi. Bayonotda prankerlar Putin ovozini o‘xshatib, Yevropa davlat rahbarlari bilan gaplashganini misol keltirib, ijtimoiy tarmoqdagi ovoz ham aslida Gʻaniyevnikiga o‘xshatma ovozdir, dedim. Ijtimoiy tarmoq ikkiga bo‘lindi. Lekin aksariyati menga ishonch bildirib, hokim ovozi ham o‘xshatma bo‘lishi mumkin, deb qo‘lladi.
Ijtimoiy bosim kuchi bilan respublika prokuraturasidan ikki nafar amaldor masalani o‘rgangani Farg‘onaga keldi. Dastlab mendan tushuntirish xati yozib berishni talab qildilar. Men yozmadim. Bor gapni bayonotda aytganman, dedim. Keyin ular hokim kabinetida ikki soat qolib ketishdi. Chiqqach, meni chaqirtirishdi. Oldimga hokimning tushuntirish xatini qo‘ydilar. Unda hokim, jumladan, balki achchiq ustida asabiylashgan holda shu iborani aytgandirman, deb yozibdi. Prokuratura vakillari endi nima deysiz, degandek menga tikilib turar edilar.
– Men fikrimdan qaytmayman, baribir ovoz hokimniki emas, prankerlar o‘xshatma qilib tarqatgan, – dedim arang o‘zimni bosib. – Qolaversa, hokim ham buni men aytganman deb qat’iy tan olmagan-ku!
Shu lahzada men o‘zimni hech kimga keraksiz matohdek his qilardim. Xayolimdan bir so‘z o‘tardi: “Qancha odamlar menga ishonib fikr yozgandilar-a...”
O‘sha kuniyoq meni vazifamdan ozod qilishlari haqida ariza yozdim. Uni eng yaqin do‘stimga ko‘rsatdim.
– Ichkari va “yuqori”da nima gaplar bo‘lganini bilmaysan-ku! Og‘irroq bo‘l. Bunday qilma.
Ichki iztirob yurakni ezib yubordi. Ammo 2-3 kundan keyin o‘zimda kuch topib ishga chiqdim.
Gʻaniyev xorijiy delegatsiyalarni alohida tayyorgarlik bilan qabul qilar edi. Unda aytilgan har bir so‘z mamlakat obro‘si bilan bog‘liq, derdi u.
Bir gal AQSHning nufuzli delegatsiyasi bilan uchrashdi. Amerikaliklar Toshkentdan o‘zlarining tarjimonlari bilan kelishdi. Muloqot chog‘ida Gʻaniyev bir to‘xtaldi-yu, ingliz tilida gapira ketdi. Keyin tarjimonga qarab, mana bu gapni siz noto‘g‘ri o‘girdingiz, aslida bunday deyiladi, deb unga ingliz tilidagi aytilishini ifoda qildi.
Qabulda ishtirok etayotgan hokimiyat rasmiylari, barchamiz lol qoldik. Ilgari Gʻaniyev ingliz tilida gapirganini hech eshitmagandim. Keyin bilsam, hokim ko‘pdan buyon muntazam ravishda til o‘rganar ekan... Shu voqeadan so‘ng hokimlikning aksariyat xodimlari ingliz tilini o‘rgana boshladilar.
So‘xdagi “Chashma” bulog‘ining suvi taqsimoti bahonasidagi qo‘shni qirg‘iz birodarlar bilan janjal kelib chiqdi. Har ikki tomon ham o‘zini haq deb bilar va sal bo‘lmasa, u otishmaga ham aylanib ketar edi. Shunda Shuhrat Gʻaniyev olomon o‘rtasiga yorib kirdi. Ular orasida hayotda omadsiz, alamzadalar ham bo‘lgan. Ular chegaraning narigi tomonidagi qirg‘izlar bilan kattaroq janjal chiqarishga harakat qilardilar. Shuning uchun qo‘liga kirgan toshlarni chegara ortiga qarata otardilar. Hokim esa ikkilanmay chegaragacha yugurib bordi va so‘xliklarni to‘xtatib, ortga qaytardi. Shunda otilgan toshlar uning quloq osti va yelkasiga ham tegdi. Ammo Gʻaniyev qochmadi, aksincha, olomonga chegara tomon yo‘l bermadi.
Keyinroq xorijiy “ovoz”lar voqelikni buzib tasvirladi. Go‘yo, “so‘xliklar hokimni toshbo‘ron qildilar” deb yozishdan ham toymadi. Aslida Gʻaniyev bir-birini toshbo‘ron qilayotgan olomon ichiga kirib, yuz berishi mumkin bo‘lgan fojianing oldini olgandi.
Rishton bugun gullab-yashnadi. Ammo 6-7 yil avval u aholisi zich, ish o‘rinlari tanqis, sanoati rivojlanmagan, hunarmandchilik qo‘llovga muhtoj tuman edi. Gʻaniyev mamlakat rahbariyatini Rishtonda katta islohotlar o‘tkazish zarurligiga ishontira oldi. Davlat rahbarining roziligi va qo‘llovi bilan tumanda markaziy yo‘lni kengaytirish, yo‘l yoqasidagi xonadonlarni ikki qavatli qilib qayta qurish, qo‘p qavatli uy-joylar bunyod etish, ijtimoiy infratuzilmalarni takomillashtirish dasturi qabul qilindi.
Ammo buning uchun ayrim bino va uy-joylar qisman buzilishi lozim edi. Shu kunlari ayrim sayt va blogerlar goh asosli, aksariyat holda asossiz viloyat hokimi harakatidan norozi bo‘lib yozar edilar. Men, hokimiyat Axborot xizmati rahbari bo‘lib, ularga munosib javob bera olmadim. Oxir-oqibat Senat viloyat hokimini binolar buzilib, qayta qurilishida tovon pullari vaqtida to‘lab berilmagani uchun kechirim so‘rashga majbur qildi. Men bu holat uchun hech qachon o‘zimni kechira olmayman. Chunki Rishtonda nimaiki qilingan bo‘lsa, viloyat Kengashida, undan yuqorida maslahatlashib amalga oshirilgan edi. Javob berishga kelganda... hokim ro‘baro‘ qilindi. Eng alam qiladigani shunda ediki, hamisha hokimning yonida yurgan, hurmatli maslahatgo‘y bo‘lgan, deputatu senatorlar ham o‘sha paytda yoniga tushmadi, tomoshabin bo‘lib turdilar xolos...
Koronavirusga chalinib og‘ir ahvolda yotib qoldim. Hatto tashkiliy sessiyada ham ishtirok eta olmadim. Gʻaniyev Bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlandi. Men esa ... Axborot xizmati rahbarligidan iste’foga chiqdim. Ammo Gʻaniyev har kuni shifokorga qo‘ng‘iroq qilib, sog‘lig‘imni so‘rab turdi.
Insoniylik haqiqat zinasidagi ilk qadamdir. Bu mening Axborot xizmatidagi bir yillik faoliyatimdan olgan saboq bo‘ldi.
Muhammadjon OBIDOV, 2019-2020 yillarda
Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati rahbari.