1998 yil 7 iyul. Yoz jaziramasi “kuchi”ni ko‘rsatmoqda. Odamlar soya-salqin joylarga chiqib ketganlar. Shohimardon bunday paytda eng qulay oromgoh. Tog‘lardan archa ifori esadi, ikki daryo shovqin solib qishloq markazida birlashadi. Uy mehmonxona-yu choyxona so‘rilarigacha dam oluvchilar bilan to‘lgan. Ota-onasi, farzandlari bilan kelganlar ham oz emasdi.
O‘sha kuni yarim tunda telefon qo‘ng‘irog‘i yangradi.
– Muhammadjon, men MCHSdan Qodirjonman, – dedi havotirli ovozda. – Har ehtimol sizga aytay dedim. Shohimardondan noxush xabar berishdi, hozir. qishloqni sel bosibdi.
O‘ylab o‘tiradigan vaqt emasdi. Tasvirchim Shuhratjon Mirzakarimovga qo‘ng‘iroq qildim.
– Tezda tayyorgarlik ko‘ring ketyapman.
Biz Vodilga yetib kelganimizda soat ikkidan o‘tgandi. Yo‘lni to‘sib qo‘yishibdi. Muzokaraning natijasi bo‘lmadi. Tepa Vodil mahallasida qirg‘iz tanishim bor edi. Uning uyga bordik va uyg‘otdik.
– Mashina topasan, bizni Vodildan so‘qmoq yo‘ldan olib o‘tib Shohimardonga olib borishi kerak, haqini yaxshi to‘layman, – dedim unga suv toshqini haqida aytib. Qo‘shni ko‘chada “Vilis” mashinasi bor o‘rtog‘ini uyg‘otdi. Hayriyat, u rozi bo‘ldi. Biz qishloq tepasidagi dalalardan aylanib o‘tib Qadamjoyga, undan Shohimardon yo‘liga chiqdik. Daryo to‘lib qirg‘oqlarni yuva boshladi. Oqim kuchli ekanidan katta-katta toshlarni ham yumalatib kelardi. Ularning ovozi esa vohimali edi. Ayniqsa, qora tundagi bunday beo‘xshov ovoz yurakka qo‘rquv solardi.
Ellikpaysakiga biror chaqirim yetmasdan daryoning qiytixon buriladigan joyi bo‘lardi. Bu yerda suv o‘zandan chiqib, qirg‘oq, uning yonidagi asfalt yo‘lni tamomila o‘pirib ketibdi.
– Ortga qaytib tepalikdan yuramiz, – dedi haydovchi. Mashina qiynala-qiynala yo‘lsiz, toshliq tepalikka ko‘tarildi va ikki chaqirimcha yonlab yurdik. Hayriyat, ellikpaysakidan naridagi yo‘l sog‘ ekan.
Shohimardonga yetib kelganimizda hali tong otmagan edi. Qishloq markazida taxminan 2-3 kvadrat kilometr maydonga ega tekislik bo‘lgan. Unga yengil do‘konlar, rasmxona, oshxonalar, bir necha choyxona joylashgan. Qishloqda mehmonxona yo‘qligi uchun dam olishga kelganlar qishloq aholisining shu maydon atrofidagi tepalik ko‘chalarda joylashgan xovli va idoralarning dacha-dam olish maskanlariga tushar edilar. O‘shanda odam ko‘pligi uchun qishloq markazidagi choyxona surilari ham dam oluvchilar bilan to‘la bo‘lgan. Mudxish tunda atrof ko‘cha, xonadon ahli, dam oluvchilar suvning beo‘xshov shovqinidan uyg‘onib tashqariga chiqqanlar. Ammo...
– Qandaydir gumbur-gumbur ovoz keldi. Men uyg‘ondimu, momaqaldiroqmikan deb tashqariga chiqdim. Qo‘l soatimga qarasam 23:40. Pastdan odamlarning dod-voylagan ovozlari ham eshitildi, – deb eslaydi shohimardon qishloq fuqarolari kengashi raisi Kengashali Dodaboyev. – O‘sha tomon yugurdim, ammo qishloq markazi suvga to‘la edi. Katta, qudratli oqin uxlayotgan odamlari bilan so‘ri, choyxona, oshxonalarni parchalab oqizib borardi. Yordam bering, degan ovozlar uzun-yuluq kelardi. Chunki sel juda kuchli bo‘lib bir lahzada hammasini oqqizib ketdi... qaro tundagi odamlarning hayqiriq ovozi hamon qulog‘imda. Toshqin natijasida qizlog‘imizda 40 ta xonadon, 36 ta dam olish maskanlari, 6 ta choyxona, 70 ga yaqin savdo do‘konlari va umumiy ovqatlanish shoxobchalariga jiddiy zarar yetdi. Ba’zi xonadon, do‘kon va dam olish maskanlarini toshqin bir zumda xonavayron qilib, butunlay yuvib ketdi. Kutilmaganda ro‘y bergan toshqinda xalok bo‘lganlar ham anchagina. Lekin qishloq aholisi o‘z uy-joylarini soydan tepaga qurganliklari va toshqinlar masalasida ancha xushyor bo‘lib qolganliklari tufayli nisbatan kamroq zarar ko‘rdi.
Shohimardon Vodildan, 450-500, Farg‘onadan 950-1000 metr yuqorida joylashgan. Shundanmi, oqsuv daryosi o‘zandan chiqib ketgan bo‘lsada odatdagidan oqimdan bir yarim-ikki hissa tez oqardi.
Tog‘ ortidan ko‘tarilgan quyosh nurlari Shohimardonni yoritdi. Ammo bo‘tqa suv Chakkatomor bo‘g‘ozidan hayqiriq bilan o‘tib 250-300 metr kenglikda shitob bilan oqardi.
Yarim tunda boshlangan sel kuchi mana tonggi soat olti bo‘libdiki, hali zaiflashmadi. Hamma kuzatuvchi. Hech kim hech narsa qila olmaydi. Har tomonda yig‘i, dod-faryod. Voy bolam, voy otamlaganlar qancha. Qishloq markaziy maydonidagi biron bino, inshoat, daraxt yoki mashina qolmagan. Hammasini odamlarga qo‘shib oqizib ketgan sel. Viloyat hokimining o‘rinbosari Alisher Otaboyev FVV viloyat boshqarmasi, harbiy qism, turli idora-tashkilot rahbarlariga to‘xtovsiz topshiriq berardi. Yetib kelgan tez yordam, shifokorlar guruhlariga esa daryo bo‘ylab piyoda yurib ko‘zdan kechirishni topshirdi.
Men ham hali yorug‘ tushmay ishimni boshlaganman. Har bir xolatni tasvirga tushiraman. Shunda bir o‘rta yoshli yigit kelib, voqelikni videotasvirga tushirmaslikni talab qildi. Qiyin qistovga olganimdan so‘ng, u o‘zini maxsus xizmat vakili ekanini aytdi. Bu yerga davlat rahbarlaridan kimdir keladi, ularning ruxsati bilan olasiz va Toshkentga yuborasiz, dedi. Biz noiloj to‘xtadik. Ammo voqelik sahna asari emaski, uni takrorlab tasvirga tushirsang. Bir oz o‘tib, haligi xodim nari ketgach men tasvirchiga ma’noli qarash qildim. Bu kamera ishlayotganligini ko‘rsatuvchi qizil chiroqni o‘chiringu, tasvirga olavering, deganim edi. To‘g‘ri, bunday xolatda sifatli, ma’noli kadrlar tasvirga tushirilmaydi. Lekin har xolda “yashirin kamera” nimalarnidir tasvirga oladiku.
Shu kuni kechgacha Yordon qishlog‘i tomonidan kelayotgan sel to‘xtamadi. Oqizib kelayotgan katta-katta toshlarning suv ichida urilib chiqargan ovozi qo‘rqinchli edi. Chunki odamzod bunday ovozni balki umrida birinchi bor eshitayotgandir.
Qishloq pochta bo‘limining ikki qavatli binosi (u hozir ham bor) markazning chap tomonidagi tepalikda edi. Qutqaruv ishlari shtabi shu yerda tuzildi. Kun bo‘yi Shohimardonga minglab qutqatuvchilar, texnik vositalar keldi. Ertalabdanoq yo‘qolganlar ro‘yxati tuzila boshlangan. Kechga borib ular soni yuzga yetdi. Keyin esa... birin-ketin suv yo‘lida toshlarga urilib majaqlangan jasadlarni daryo qirg‘oqlaridan topa boshladilar. Ba’zilarida qo‘l yoki oyoq yo‘q edi... Bu g‘oyat ayanchili manzara bo‘lsada qutqaruvchilar, ko‘ngillilar ularni egalariga topshirdilar. Ayrim jasadlar tanib bo‘lmas darajada jarohatlangandi. Toshqin ba’zi inson bo‘laklarini Shohimardon daryosida Vodilgacha 25 km, keyin Chimyon va Farg‘ona shahri tepasidagi selsaqlagich havzagacha jami 35-40 kilometrga oqizib kelgani ma’lum bo‘ldi.
Vodilning quyi qismi Farg‘onada ham odamlar vohimada. Aniq, ochiq ma’lumot berilmadi biron ommaviy axborot vositasida. Yaqinlari Shohimardonda bo‘lgan minglab oila a’zolari Vodildagi yo‘l to‘silgan joyga kelib olishgan. Shunda birinchi qilingan ish – omon qolgan dam oluvchilarni Vodilga yetkazish bo‘ldi. Ular oz emasdi. Ko‘lqubon va Yordon, Shalang tog‘i, Shohimardon qishlog‘idagi dam oluvchilarni to‘xtovsiz tashiy boshlandi.
Alisher Otaboyev boshchiligidagi shtab toshqin sabablarini hali bilmas edi. Bilgani – katta hajmdagi suv Qirg‘iziston tog‘laridan Yordonga va undan Shohimardonga kelgani xolos.
Voqelikning birinchi kuni, 8 iyulda O‘zbekiston OAVlari jim. Hech qanday xabar berilmadi. Men axborot tarqatishga mas’ullarga ko‘p marta murojaat qildim. Keling, yaxshisi toshqin va uning oqibatlari haqidagi dastlabki ma’lumotni o‘zimiz, O‘zbekiston televideniyesidan beraylik, deb. Ammo hech kim mas’uliyatni zimmasiga olmadi.
– Jo‘rabekov keladi, u bilan maslaxatlashamiz, keyin “Axborot”ga yuborasiz, – deyishdi takroran menga.
O‘sha paytlar maxsus xizmat va hokimiyatga qarshi bir so‘z aytib bo‘lmas edi.
Nihoyat bir kun o‘tib, 9 iyul kuni “Xalq so‘zi” gazetasning 137-sonida sahifaning eng pastki burchagida ko‘zga tashlanar tashlanmas mana bu ma’lmot chop etildi:
“Xabar. Qirg‘iziston hududidagi tog‘larda qorning tez erishi va Shohimardonsoy daryosida suv oqimining keskin ko‘payishi natijasida shu yil 8 iyulda Farg‘ona viloyatidagi Shohimardon qishlog‘ida suv toshdi. Natijada qurbonlar va vayronagarchiliklar sodir bo‘ldi.
Aholiga yordam berish va tabiiy ofat oqibatlarini tugatish uchun xukumat komissiyasi tuzilib, ish boshladi. Bu ishga respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar va sog‘liqni saqlash vazirliklari kuchlari va vositalari jalb etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi”
Muxammadjon Obidov: Mamlakatlning birinchi raqamli rasmiy gazetasida berilgan axborot shu edi. Xolbuki, aslida bir kun avval, ya’ni 8 iyul kuniyoq xorijiy ommaviy axborot vositalarida Shohimardon fojeasi haqida xabar, xalok bo‘lganlarning oila a’zolari bilan suhbatlar, hukumat amalga oshirayotgan tadbirlar haqida ma’lumotlar e’lon qilindi.
9 iyul kuni O‘zbekiston Respublikast Bosh Vazirining 1-o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov bir qancha mulozimlari bilan Shohimardonga yetib keldi. Toshqin sathi bir oz pasaygan bo‘lsada, hali o‘zaniga qaytmagan.
Ishchi yig‘ilish tugagach men hukumat rahbari o‘rinbosariga voqelik haqida gazetada qisqa axborot berilgani, ammo videotasvirli batafsil reportaj ko‘rsatilmaganini aytdim va bunga izn so‘radim. Ismoil aka meni shahsan yaxshi tanir edilar. Tavsiyalar berishdi.
– Hali xalok bo‘lganlar soni to‘liq aniqlanmadi, shuning uchun raqam keltirmagan xolda o‘lganlar ham bor, desangiz kifoya, – dedi u.
– Ammo “Ozodlik” kechayoq yuzdan ziyod xalok bo‘lganlar haqida gapirdi, – deganimni bilaman, – Siz haqiqatni ayting, hali raqamlar oxirigacha shakillanmaganku! – deb jerkib tashladi meni.
Shohimardon fojeasi haqida bir necha marta matn yozdim, o‘chirdim, yana yozdim. Ohiri bir to‘xtamga keldim. O‘sha bo‘yicha ovoz berib kasetani Farg‘ona aeroportiga olib kelib Toshkentga yubordim. Shunday qilib, suv toshqini haqidagi dastlabki videoreportaj 1998 yilning 10 iyul kuni “Axborot” dasturida berildi. Izimga qaytib, Yordon vayronalari, suv olgan ko‘priklar, voqea guvohlari, xalok bo‘lganlarni dafn marosimlari haqidagi videolavhalarni tasvirga tushirib, sharxlab “Axborot”ga yuboraverdim.
Oradan yana ikki kun o‘tib, Shohimardonga Prezident kelishi haqida gap tarqaldi. Menga Farg‘ona aeroportiga borish va davlat rahbariga muxbir sifatida hamrohlik qilish topshirildi.
12 iyul ertalab Prezident Yak-40 samoletida Farg‘onaga uchib keldi. Matbuot kotibi, bir necha vazir va respublika idoralari rahbarlari bor edi, yonida. Darxol Shohimardonga yo‘l olindi. Vodildan Qirg‘iziston hududiga o‘tayotganimizda Prizedant mashinasi oldiga g‘ildirakli bronetransporter tushdi. U tez va ildam yurar edi. Yo‘lning uchdan ikki qismidan o‘tganimizda, Ellikpaysaga yetmay aylanma dala tomon (tunda men yurgan yo‘l) burildik. Biron chaqirimdan so‘ng bronertransporter taqqa to‘xtab qoldi. Ortidagi Prezident mashinasini 4-5 chog‘li tansoqchilar o‘rab oldilar. Qarasam, O‘zbekiston Mudofaa vaziri general polkovnik Hikmatulla Tursunov va yana bir necha yuqori martabali xarbiylar yelkalari bilan og‘ir texnikani itarib yurg‘izishmoqchi bo‘lyaptilar. Bronertransporter esa miq etmasdi.
Shu payt prezident o‘tirgan mashina eshigi ochilib kimdir “Obidov” deb chaqirdi. Men ortdagi mashinada edim. Darxol “birinchi” yoniga bordim.
– Chiq, – dedi Jo‘rabekov.
Mashinada Prezident va yana respublikadan kelgan uch odam, Farg‘ona viloyati hokimi Nomonjon Mo‘minov bor edi.
– Muhammadjon, sen bu yerlarni bilasanmi? – dedi prezident qandaydir havotirlik bilan. – Men bu yerlik qirg‘izlarni aytyapman.
Biz to‘xtab qolgan dala quyida 15-20 chog‘li qirg‘izlarning xonadoni bo‘lib, ayrimlari xovlisining ortiga, devor va tomlariga chiqib olib kortejni tomosha qilar edilar. Anglashimcha, ulardan xavfsirayotgandek edi.
– Ha, ularni yaxshi bilaman, – dedim xotirjamlik bilan. – Bular allaqachon o‘zbeklashib ketishgan, Islom aka
– Bunaqa gapni qayerdan olib gapiryapsan? – qat’iy ohangda so‘radi Ismoil Jo‘rabekov.
– Yoz paytlarida Shohimardonga odam sig‘may ketganida bir kunga kelganlar shu yerda, qirg‘izlarning daryo bo‘yiga qurgan so‘rilarida dam olib ketishadi. Xo‘p mehmondo‘st odam ular.
Mening javobimdan Prezident bir oz tasikin topgandek bo‘ldi. Ammo Toshkentdan kelganlarning biri menga shunday xo‘mrayib qaradiki, yuragim yorilay dedi. Keyin bilsam, u kuchishlatar tizimda rahbar o‘rinbosari ekan.
Ikki kun o‘tib, Toshkentga borib qaytgach undan rosa dakki eshitdim.
– Nega unaqa deysan Prezidentga, agar biron kor-xol bo‘lsa bormidi, naq kallang ketardi!
Shohimardonga kirib borilganida sel anchayin pasaygan, daryo o‘zaniga qaytayotgan edi. Prezident har bir joyni ko‘rib, zarur topshiriqlar berdi.
Muxammadjon Obidov: – Birinchi ishni qishloq markazidan o‘tgan daryo qirg‘og‘ining mustahkamlashdan boshlaysizlar, – dedi qadamlab ko‘rsatib. – Balandligi 6 metr, eni 8 metrdan kam bo‘lmasin. Shunday quringlarki, qachondir yana shunday ofat yuz bersa suv o‘zandan chiqib ketolmasin.
Keyin uy-joysiz qolganlar, uyini qisman sel olganlar, ijtimoiy maskanlarni tiklash, yo‘lni qayta qurish va mustahkamlash kabi qator vazifalar topshirildi. Zarur mablag‘ ajratilishi e’lon qilindi. Jo‘rabekov boshliq hukumat komissiyasi ishlar behavotir yo‘lga tushguncha shu yerda qolishini buyurdi.
– Yaqinini yo‘qotgan oilalar dardiga malxam bo‘lish eng muhim vazifa, – dedi prezident bir xo‘rsinib. – Albatta o‘tganlar o‘rnini xech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsada, yurt, xalq, mahalla birga bo‘lsin. Men toshqin oqibatida xalok bo‘lganlar oila a’zolariga ta’ziya izhor qilaman.
Davlat rahbari Qirg‘iziston metirologiya xazmati bilan bog‘lanish, ob-havoni bashorat qilishda hamkorlikni mustahkamlash borasida ham qat’iy topshiriqlar berdi.
Farg‘ona aeroportida Prezident Islom Karimov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatlashdi. U bunday toshqinning oldini olish, qurbonlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik mumkin ekanligini alohida ta’kidladi. Agar tabiiy ofat haqidagi xabar o‘z vaqtida yetib kelganida, bunday ko‘ngilsiz hollar yuz bermasligini aytib, jurnalistlar e’tiborini Shohimardonda yuz bergan sel va toshqinlar tarixini o‘rganishga qaratdi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston hududlaridagi toshqin yuz berishi mumkin bo‘lgan joylarda kuzatuv punktlarini tashkil etish, bunday ofatlardan halqni o‘z vaqtida ogoh qilib borish kerakligini aytdi.
– Buzilgan ko‘prikni tiklasa bo‘ladi, yangi uy-joyni ham qurish mumkin. Biz uchun eng og‘iri insoniy talofatdir, – dedi prezident.
Meni Prezident samoletida u bilan birga Toshkentga ola ketishdi. Chunki shu kuniyoq ko‘rsatuv qilishim lozim edi.
Samolet ko‘tarilgach old xona (odatda samolet ichi ikkiga bo‘linadi. Old qismi prezident, ikkinchi salon unga hamrohlar uchun) eshigi ochilib meni prezident so‘rayotganini aytishdi.
Ichkariga kirdim. Chog‘roq xonada uning matbuot kotibi va vazirga tenglashtirilgan respublika idoralarining biri rahbari o‘tirar edilar. (Ollohga shukur, ular sog‘-omonlar. Birlari katta ilmiy markaz rahbari, yana birlari vazir maqomidagi lavozimda)
Prezident ko‘zlarida qahr uchqunlardi.
– Shohimardonda shuncha voqea ro‘y beribdi, 114 odam xalok bo‘libdi, boshqalarni qo‘ya tur, nega sen bu haqda vaqtida xabar bermading?!
Men Islom Karimov bilan hali u Qashqadaryo partiya qo‘mitasi birinchi kotibi ekanidan tanishman. Ammo bunday darg‘azab xolatda birinchi bor ko‘rishim edi. Shuning uchun dastlab yuragimni qo‘rquv bosdi, lekin o‘zimni qo‘lga ololdim. – Juda katta ofat ro‘y beribdi, shuncha odamni yo‘qotibmiz, – men esa bor haqiqatni ikki kun o‘tib bilsam va shundan keyingina Shohimardonga kelsam? Endi, vaqt o‘tib qanday qilib motam e’lon qilayin, ayt?!
Bu g‘azabnok so‘zlar aslida menga qaratilgan emasdi. Ammo bilganim, uni shu zahoti kimgadir sochish, ichini bo‘shatish kerak-ku. Shuning uchun ham Prezidentga hamma voqealarni, jumladan qirg‘iz do‘stim yordamida tundayoq Shohimardonga yetib kelganim, hozirjavob reportajni yubortirishmagani, uni Jo‘rabekov kelgachgina e’lon qilish mumkin, deganlarini aytdim. Tabiatimdagi kamchilikni bilanman. O‘ylaganimni kimga bo‘lishidan qat’iy nazar beixtiyor aytib yuboraman. O‘shanda ham shuday bo‘ldi.
– Jo‘rabekov esa 8 iyul kuni Sizning Samarqand viloyatiga ishchi tashrifingizga hamrohlik qilayotgan ekan. Shuning uchun ertasiga keldi... – Shunday deyishim bilan Prezident oldidagi chog‘gina yozuv stoliga bir musht urgan edi u sinib ketdi.
– Nima deding? Shohimardonda shunday fojea ro‘y berdiyu, prezident Samarqandga ketavergan, deb menga ta’na qilyapsanmi hali?! – Agar Jo‘rabekov menga xolat haqida haqiqatni aytganida Samarqandga ketarmidim?!
Keyin, biz uch kishi bo‘lsakda, negadir menga qarata hukumatdagi ayrim yuqori mansabdorlar ishonchni oqlamayotganini, kadrlarni tez-tez almashtirishga majbur bo‘layotganini kuyinib aytdi.
Muxammadjon Obidov: Mana, shu voqeaga oradan 28 yil o‘tibdi. Lekin hamon tushina olmayman. Nega prezident fojeada xalok bo‘lganlar, ularning oila a’zolari musibati haqida shu qadar kuyinib gapirdi-yu, ammo, mayli bir kunlik motam e’lon qilishga kech bo‘lgandir, lekin biron bir ommaviy axborot vositalari orqali uning imzosi bilan ta’ziya e’lon qilinmadi. Xolbuki, o‘nlab mamlakat rahbarlarining masalan, Turkiya Respublikasi prezidenti Sulaymon Demeralning Islom Karimov va O‘zbekiston xalqiga, marxumlar oila axzolariga hamdardlik va ta’ziyalari aynan o‘sha “Xalq so‘zi” gazetasida (1998 yil 21 iyun, №144) bosib borilgan edi.
Samolet qo‘nishga chog‘landi. Shunda mening hayotimdagi yana bir unitilmas voqea ro‘y berdi.
– Menga qara, Muhammadjon, – dedi prezident endi samimiy ohangda. – Sen odamlar ichida yurasan. Qani aytchi, Farg‘ona viloyatiga kimni hokim qilib qo‘ysak fidoyilik bilan ishlaydi?
Avvalo, bu men uchun hech kutimagan xolat va savol edi. Qolaversa yonimda o‘tirgan prezident matbuot kotibi ohistagina oyog‘imni bosib qo‘ydi. Bu “jim bo‘l” degan ishora ekanini tushundim.
Men indamay turaverdim. Prezident bir daqiqa o‘tar-o‘tmas savolini takrorladi. Matbuot kotibi yana oyog‘imni bosdi. Yana sukut saqladim.
Birdan prezidentning yana jaxli chiqib ketdi.
– Men sendan so‘rayapman, nima qulog‘ing bitganmi, seningcha kim munosib Farg‘ona viloyati hokimligiga?
Matbuot kotibi bu safar ham oyog‘imni bosayotgan edi, tortib oldim.
– Islom aka, men bunday masalada maslaxatchilikka ojizman, lekin siz talab qilar ekansiz, faqat va faqat shaxsiy fikrimni ayta olaman xolos.
– Ha-da, men sening shaxsiy fikringni so‘rayapman.
Men shunda o‘zimda bir oz bo‘lsada erkinlik, iroda his qildim. Nega o‘z fikrimni aytmay? Qolaversa, prezident viloyat hokimini almashtirish qaroriga kelganini shu bugungi hatta-harakati bilan yaqqol ko‘rsatib qo‘ygan edi. U Farg‘onaga kelibdiki, hokim bilan emas, faqat uning o‘rinbosari bilan muloqot qildi, so‘roqladi, topshiriq berdi. Men ham boshqalar qatori bu xolatdan xayron qolgan edim. Prezident hatto Jo‘rabekovni ham ko‘pchilik ichida bir-ikki jerkib bergandi. Demak, hokimni almashtirish qaroriga ilgariroq kelib bo‘lgan. Balki nomzodi ham tayyordir. Lekin nega mendan so‘rayapti bu haqida? Unga yoqmaydigan nomzod nomini aytib qo‘ysamchi? Ichimdagi fikrlar kurashiga soniyada javob topish lozim edi. Men aslida ilgaritdan o‘zimcha o‘ylab yurgan nomzod nomini taklif qildim prezidentga.
– Alisher Otaboyev siz o‘ylagan, qutgandek viloyat hokimi bo‘la oladi, – dedim ishonchli chiqsin deb qat’iyroq ovozda.
– Alisher... xmmm. – Prezident ohista bosh silkab qo‘ydi. – Yaxshi. Aytaylik, Alisher Otaboyev bo‘lsin. Xo‘sh, nega u?
Mana endi haqiqiy fikr almashuvga kelgandik. Men 1970 yillarda televideniyening yoshlar uchun ko‘rsatuvlar taxririyatida ishlayotgan chog‘im Toshkent aviatsiya zavodi syexlarining biridan ko‘rsatuv tayyorlagani borganimda Otaboyev bilan tanishib qolganim, o‘shanda u yoshlar tashkilotida faol, keyinroq yetakchi bo‘lgani, yana keyin partiya kotibi o‘rinbosari, bosh muhandis lavozimlarida ishlaganini aytdim. Vazirlar Mahkamasi hamda Farg‘ona viloyatidagi faoliyatini o‘zingiz bilasiz, dedim. Shuncha yillarda kuzatganim uning xalol, xolis, yetuk mutaxassis va moxir tashkilotchiligi, xech qachon pul ketidan quvmagani, barqaror oila boshlig‘i ekanigacha batafsil gapirib berdim. Prezident esa uning shaxsi va faoliyati bo‘yicha ko‘plab savollar berdi.
– Bilasizmi, Islom aka, uning otasi 70-80 yillarda Quva tumani partiya tashkilotini boshqargan. Qachon Quvaga borsam Abdujalil Otaboyevni katta xurmat bilan xotirlaydilar. Halol odam edi, deydilar. Shunday oilada tarbiya topgan Alisher Abdujalilovich ham otasiga munosib inson bo‘lib yashayapti.
Prezident o‘ylanib qoldi.
– Yaxshi ko‘ramiz, – dedi sekingina.
Bu suhbat shohidlarining ikkisiga ham olloh uzoq umr bersin, hozir hayotlar. Agar biron so‘zni oshiqcha yozgan bo‘lsam aytadilar.
– Gap bundoq, Muhammadjon, – dedi samoletdan tushganimizdan keyin prezident yana jiddiylashib. – Ishingni yakunlab zudlik bilan Shohimardonga qayt. Jo‘rabekovga aytib qo‘yaman. Fojea sabablarini uning o‘zi tushuntirib bersin. Oqibatlarini bartaraf etish borasida qilayotgan ishlarimiz haqida ham.
Muxammadjon Obidov: Menga har bir tasvir tanish. Har bir gap, topshiriq, fikr yon daftarimga bitilgan. Shuning uchun prezidentning Shohimardon safari haqidagi ko‘rsatuvni tez yozib montaj qildim. Uni rahbariyat ko‘rib qabul qilgach Farg‘onaga uchib keldim.
Bu kun ham jurnalist hayotida unitilmas, aytish mumkinki, tarixiy voqea ro‘y berdi.
Qaysi samoletda kelayotganimni Shohimardon shtabiga ma’lum qilgan edim. Trapdan tushsam... 4-5 qadam narida Ismoil Jo‘rabekov va Alisher Otaboyevlar turishgan ekan. Haryon qoldim.
– Ha, keldingmi, biz seni kutib turibmiz, – dedi Jo‘rabekov. Men o‘zimga kelolmasdim. Men kimmanki, davlat rahbariyatidagi yuqori martabali shaxs samolet trapida kutib olsa?!
– Vertolet tayyor, tasvirchingni Shohimardondan olib keldik, fojea boshlangan joylarga uchamiz. – Ismoil aka yuz metrlarcha yuqorida turgan vertolet tomon shahdam yurib ketdi. Ortidan ergashdim.
Ha, aftidan prezident Ismoil akani qattiq koyigan va qat’iy topshiriq bergan. Uning bo‘lajak ko‘rsatuvdagi tabiiy ofat haqida sharhi va intervyusi prezident bilan munosabatlarida sezilishi mumkindek tuyuldi menga.
Vertoletda gidrometerologiya xizmatidan bir mutaxassis ham bo‘lib, u Shohimardondan Qirg‘iziston hududiga o‘tganimizdan so‘ng ayrim ma’lumotlarni aytib ketardi. Uning ta’kilashicha, Abramov muzliklariga yaqin joyda yuz yillar ilgari ham tabiiy muzko‘l bo‘lgan. Iyun oyi oxiri, iyul boshidagi ob-havoning keskin isib ketishi natijasida muzko‘lga tog‘ yonbag‘ridan juda katta hajmdagi qor ko‘chkisi tushadi. Bunga dosh berolmagan ko‘lning bir yoni o‘pirilib, natijada ko‘l toshib undan suv pastga oqib tushishi jarayonida butkul ochilib qolgan. Bunday xolatdan tog‘lardagi qalin qor uyumlari ham tebranib yana bir necha ko‘chkilar ro‘y beradi. Oqibatda mislsiz hajmdagi suv, keyinchalik qor ham erib selga aylanib bir muddat Yordon qishlog‘idagi oqdaryo o‘zaniga to‘planadi.
Biz Abramov muzliklariga yaqin joydagi bo‘m-bo‘sh qolgan ulkan ko‘l havzasini vertoletda aylanib chiqdik. Keyin Shohimardon yo‘lidagi qor ko‘chkilarini ko‘rdik. Tog‘dan hali ham o‘nlab jilg‘alar pastga qarab shoshib oqardi.
– Bu yerlarda ilgari Qirg‘izistonning gidrometerologiya kuzatuv punkti bo‘lgan, keyingi yillarda esa u moliyalashtirilmagach faoliyatini to‘xtatgan. Shuning uchun yaqinlashayotgan tabiiy ofat haqida biz o‘z vaqtida xabar topmaganmiz, – dedi menga Jo‘rabekov oynadan yuzini burib. So‘ng,
–Shundaymi?–deb so‘radi hamrohidan. U esa:
– Ha – ha, to‘g‘ri aytdingiz, agar ko‘chkidan o‘z vaqtida xabar topganimizda aholini ogohlantirishga ulgurar edik...
Bu toshqin fojeasining asosiy sababi deb talqin qilindi. Keyinchalik Ismoil Jo‘rabekov o‘z intervyusida ham shu xolatga urg‘u berdi.
– Shu sababli Shohimardon havzasi kabi hududlarni uzluksiz monitoring qilish, muhim nuqtalarda erta ogohlantirish tizimlarini o‘rnatish hamda Qirg‘iziston va O‘zbekistonning tabiiy ofatlar xavfini boshqarish bo‘linmalari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish zarur. Bu mavjud va ortib borayotgan muzlik ko‘llari yorilishi xavflarini kamaytirishga xizmat qiladi, – dedi Jo‘rabekov.
Intervyuning ikkinchi qismi ro‘y bergan fojea va uning oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari, xalok bo‘lganlar oilasiga ko‘maklashish, Shohimardon qishloq markazini qayta tiklash loyihasi haqida bo‘ldi.
Bu ko‘rsatuv va intervyu televideniye arxivida saqlanib qolgan.
Men deyarli uch oy davomida Shohimardondan amalga oshirilayotgan ishlar haqida telereportajlar berib turdim. Har qanday fojea butun borligicha ma’lum qilinmas ekan, u turli talqinlar sababli haqiqatdan uzoqlashadi. Shohimardon fojeasi o‘shanda rasmiylarning ham, matbuotimizning ham bunday favqulodda hodisalarga tayyor emasligini ko‘rsatdi.
Oradan vaqt o‘tib, aslida men kutmagan yana bir voqea sodir bo‘ldi.
Islom Karimov yana Farg‘onaga keldi. Bu gal O‘zbekiston Prezidenti xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi va viloyat hokimligiga... Alisher Otaboyev tayinlandi.
Men hurmatli o‘quvchilardan bu voqeada mening ham o‘rnim bor deyishdan mutlaqo yiroqman. Aslida Prezident shu nomzod haqida o‘ylab, o‘rganib yurgan. Bu masaladagi mening fikrim esa dengizdagi bir tomchi ham emasdi.
Muhammadjon Obidov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
Muallifdan izoh: Men 1998 yili ro‘y bergan Shohimardon fojeasi haqida o‘zim shahsan ko‘rgan, shohidi bo‘lgan, ishtirok etgan voqealarni asli qanday bo‘lsa shundayligicha yozdim. Voqea, suhbatlarda aytilgan o‘zgalar fikr-mulohazasiga o‘zimdan bir tasvir, bir so‘z qo‘shmadim. Chunki bu tarix. Hayriyatki, hali uning ishtirokchi va shohidalarining ko‘pchiligi hayotlar. Hulosa chiqarish esa har kimning o‘ziga xavola.