O‘zbekiston Prezidenti Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi

Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni amaliy tashrif bilan Vashington shahriga keldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 4-noyabr kuni amaliy tashrif bilan Vashington shahriga keldi.

“Endryus” aviabazasida davlatimiz rahbarini AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau, AQSH – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 5-6-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Prezidenti Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “S5+1” formatidagi sammitida ishtirok etadi.

Tadbirlar dasturidan AQSH Kongressi va hukumati vakillari bilan muzokaralar, ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalarining rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar hamda ishbilarmon doiralar ishtirokidagi davra suhbati ham o‘rin olgan.