Tyanszin shahri Xitoyda bevosita markazga bo‘ysinuvchi to‘rt yirik shahardan biri hisoblanadi. Shahar muhim sanoat, port va madaniy markaz bo‘lib, poytaxt Pekindan 135 km janubi-sharqda joylashgan. Shahar chin yurti tarixida va bugungi hayotida alohida o‘rin egallaydi.

Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan bir guruh yurtimizda faoliyat yurituvchi OAV xodimlari uchun ushbu shaharga safar tashkil qilindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda Tyanszinda 13 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, bu uni Xitoydagi eng yirik shaharlardan biriga aylantiradi.
Shaharda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya kabi mamlakatlarga tegishli konsessiyalar tashkil etilgan. Bu esa shahar arxitekturasida Yevropa uslubining paydo bo‘lishiga olib keldi — ko‘priklar, ko‘chalar va binolar shu davrdan dalolat beradi.
Tyanszin o‘zining madaniy xilma-xilligi va noyob arxitektura merosi bilan mashhur shahar sanaladi.
Shahar tarixi va turli davrdagi rivojlanish bosqichlari xususidagi ma'lumotlarni Tyanszin muzeyidan olish mumkin.

Muzeyda shahar tarixiga oid eksponatlarning boy to‘plami mavjud. Bu yerda 200 000 ga yaqin tarixiy va madaniy yodgorliklar, jumladan xattotlik asarlari, rasmlar, bronza, sopol, nefrit buyumlar, muhrlar, siyoh toshlari, tangalar, tarixiy hujjatlar va mahalliy xalq sanʼati yodgorliklari mavjud.
Hozirgi kunda Tyanszin Xitoyning eng yirik sanoat markazlaridan biri ham hisoblanadi. Bu yerda mamlakatning eng yirik sanoat loyihalaridan biri – Tyanszindagi "Lenovo Smart Innovation Service" sanoat parki mavjud.

O'n gektardan ortiq maydonda joylashgan majmua kompaniyaning ikkinchi xalqaro shtab-kvartirasi va ayni paytda eng yirik "aqlli ishlab chiqarish" tizimi bo‘lib xizmat qiladi.
Qayd etilishicha, bu yerda yiliga uch milliondan ortiq qurilmalar ishlab chiqariladi: noutbuklar, serverlar va boshqa mahsulotlar. Ishlab chiqarish jarayoni 85% avtomatlashtirilgan.
Jurnalistlar kompaniyaning yangi mahsulotlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.

Navbatdagi manzil "Tianjin Port Second Container Terminal Co." mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi.
Qayd etish kerak, Tyanszin porti Shimoliy Xitoydagi eng yirik port bo‘lib, yuk aylanishi jihatidan mamlakatda Shanxay va Shenchjendan keyingi uchinchi o‘rinda turadi.

Ajablanarlisi shundaki, qiyin ob-havo sharoitida ham ish to‘xtamaydi. Port xodimlari qulay ish sharoitida o‘z ofislaridan masofadan turib butun logistika jarayonini boshqaradilar. Bundan tashqari, konteyner tashuvchi qayiqlar haydovchisiz ham ishlaydi.
Qayd etilishicha, portdagi barcha ishlab chiqarish jarayonlari, jumladan yuklash va tushirish operatsiyalari, ichki harakatlar va yordamchi infratuzilmani energiya bilan ta’minlash faqat shamol turbinalari va quyosh panellari kabi qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan energiyadan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Port ichidagi logistika avtonom tirgaklar yordamida amalga oshiriladi. Kranlar, shuningdek, real vaqt rejimida konteynerlarning turlari va joylashishini aniqlashga, operatsiyalarning aniqligini ta’minlashga qodir bo‘lgan avtomatlashtirilgan tizimlar yordamida boshqariladi. Markazlashtirilgan “aqlli” boshqaruv tizimi real vaqt rejimida yuk oqimlari, ob-havo sharoiti, terminal ish yukini tahlil qiladi va marshrutlar hamda jadvallarni tezkor sozlashni ta’minlaydi, nosozliklar xavfini kamaytiradi va terminalning umumiy samaradorligini oshiradi.
Port xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, bu yerda kemalarga xizmat ko‘rsatish an’anaviy taqqoslanadigan toifadagi portlarga qaraganda 20–40 foizga tezroq.
Bu yerdan kemalar 180 ta davlatning 600 dan ortiq portlariga suzib boradi.
