Tojik-qirg‘iz chegarasida otishma sodir bo‘ldi

08.05.2024 00:00 MARKAZIY OSIYO 6

gVE84QD0G5JoKYh0ExVgcTjGvr7EuBuq3LF45rBZ

Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasida o‘qotar quroldan foydalanish bilan bog‘liq hodisa yuz berdi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatiga tayanib, “24.kg” xabar berdi.

Hodisa 7-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:20 atrofida (Toshkent vaqti bilan 11:20) Botken viloyati, Laylak tumani, Oqbo‘sog‘+- qishlog‘i yaqinida yuz bergan. Qirg‘iziston chegarachilari davlat chegarasi chizig‘idan 250-300 metr uzoqlikda Qirg‘iziston hududida qoramol o‘tlayotgan Tojikiston fuqarolari — cho‘ponlarni payqab qolgan.

“Ular chegarachilarning Qirg‘iziston hududini tark etish talabiga e‘tibor bermay, harbiy xizmatchilarga tosh otishni boshlagan. Cho‘ponlardan biri Qirg‘iziston chegara xizmati tomon bir necha marta o‘q uzgan”, — deyiladi xabarda.

Vaziyatni keskinlashtirmaslik maqsadida Qirg‘iziston chegarachilari havoga ogohlantiruvchi o‘q uzgan, shundan so‘ng cho‘ponlar Tojikiston hududiga qochib ketgan. Qirg‘iziston chegarachilari orasida qurbonlar yo‘q. Tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ko‘ra, Tojikiston fuqarolaridan biri oyog‘idan yaralangan.

“Ammo jarohat qanday sharoitda, qachon va qayerda olingani noma’lum, chunki Tojikiston huquq-tartibot idoralari faqat fotosuratni taqdim etgan”, — deyiladi Chegara xizmati xabarida.

Ikki davlatning chegara vakillari uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda. Ayni damda qirg‘iz-tojik uchastkasidagi vaziyat barqaror deb baholanmoqda.