foto:aniq.uz
Qozog‘istonning bir qancha hududlarida kartoshka narxi keskin oshib ketdi. Hukumat uchinchi mamlakatlarga sabzavot eksportini olti oyga chekladi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
Qozog‘istonda kartoshkaning bir kilosi 400 tengegacha (9,5 ming so‘mdan ziyod) va undan yuqori sotilmoqda. Jumladan, Oqto‘be shahrida yanvar oyi boshida bir kilosi 200 tengedan qimmat bo‘lmagan. Oxirgi haftada narx ikki barobar oshdi. Bugungi kunda supermarketlarda bir kilogramm kartoshka 388 tengedan (9 400 so‘m atrofida) sotilmoqda. Hatto sifati buzilgan kartoshkalarning ham narxi oshgan. Sotuvchilar buni mahsulotning har bir partiyasi oldingisidan qimmatroq tushishi bilan izohlagan.
Ichki bozorda narxni barqarorlashtirish, uning asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kartoshkani uchinchi davlatlarga olib chiqish 6 oyga cheklanmoqda.
Ushbu chora Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) mamlakatlariga nisbatan qo‘llanmaydi, biroq bu yo‘nalishdagi eksport nazorat ostida bo‘ladi. Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olgan holda, 16-yanvardan boshlab eksport uchun fitosanitariya sertifikatlarini berish butunlay to‘xtatildi, deydi hukumat vakillari.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, bugungi kunda mavjud zaxiralar 2025-yil erta hosiligacha ichki ehtiyojni to‘liq qoplash uchun yetarli. Zaxiralar, 19-yanvar holatiga ko‘ra, savdo tarmoqlaridagi zaxiralarni hisobga olmaganda 850 ming tonnadan ortiq.
2024-yilda kartoshkaning yalpi hosili 2,9 million tonnani (shu jumladan, erta hosil — 300 ming tonnani) tashkil etgan. Import esa 56 ming tonna bo‘lgan. O‘tgan yilning avgust—dekabr oylarida 844 ming tonna kartoshka iste’mol qilingan, 620 ming tonna eksport qilingan. 2025-yil (yanvar—aprel) uchun iste’molning prognoz hajmi — 675 ming tonna.