Qirg‘iziston temir yo‘l qurilishi bo‘yicha bir nechta loyihalarni amalga oshirmoqchi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati tomonidan e’lon qilingan 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy rivojlanish dasturida aytilgan
Hujjatda aytilishicha avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va temir yo‘llarning eskirishi yuk tashish tezligining pasayishiga va ichki tashish xarajatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Qirg‘iziston transport sektorining qo‘shilgan qiymati $0,5 mlrdni tashkil etadi. Hukumat xalqaro transport yo‘laklari bilan aloqaning sustligini eksport imkoniyatlarini cheklovchi omil sifatida ko‘rsatmoqda.
2030-yilgacha transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish rejalariga temir yo‘l tarmoqlarini rivojlantirish ham kiritilgan. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston magistrali loyihasiga, uning tranzit imkoniyatlari va savdo aloqalarini kengaytirishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Botken viloyatini rivojlantirish rejasi doirasida Botken-Qo‘qon temir yo‘lini barpo etish mo‘ljallanmoqda. Bu loyiha yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, transport infratuzilmasi va savdo aloqalarining yaxshilanishiga xizmat qilishi kutilmoqda. Loyihaning batafsil ma’lumotlari keltirilmagan.