Banklar endi kredit qarzi uchun kartadagi pullarni yechishda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining yarmiga teng mablagʻni saqlab qolishi kerak. Bu haqida "Huquqiy axborot" Telegram-kanalida maʼlumot berildi.
Bildirilishicha, Adliya vazirligi tomonidan Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklari faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha kiritish haqidagi qaror davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Unga koʻra, 2027-yil 10-yanvardan kuchga kiradigan yangi tartibga koʻra, mijozning roziligisiz kredit yoki kafillik toʻlovlarini undirishda banklar mijozning bank kartasida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining kamida yarmiga teng mablagʻni (bugungi kunda 680 ming soʻm) saqlab qolishi shart.
Mazkur talab fuqarolarning eng zarur kundalik ehtiyojlari uchun mablagʻsiz qolishining oldini olish va bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.