QR-kodlar orqali toʻlovlarni amalga oshirish tartibi tasdiqlandi

Joriy yilning 15-aprel kuni Adliya vazirligi yagona QR-kodlar boʻyicha idoraviy hujjatni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi (roʻyxat raqami 3817).

Qayd etilishicha, mazkur hujjat Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi PF–246-son farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan. Davlatimiz rahbarining ushbu Farmon bilan barcha savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi yuridik shaxslar uchun bosqichma-bosqich yagona QR-kod orqali toʻlovlarni qabul qilish tizimi joriy etilishi belgilangan.

Unga koʻra, QR-kod orqali toʻlovlarni amalga oshirishning yagona tartibi hamda yagona QR-kod tizimi ishtirokchilarining vazifalari belgilandi. Yagona QR-kod – foydalanuvchilarga istalgan bank yoki toʻlov tashkilotining mobil ilovasi orqali toʻlovlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Mazkur qoidalar quyidagilarni nazarda tutadi:

• QR-kodlar statik va dinamik turlarga ajratiladi;

• barcha toʻlov tizimlarining yagona QR-kod tizimi orqali oʻzaro integratsiyasi taʼminlanadi;

• QR-kod tizimi operatori tomonidan toʻlovlar haqidagi maʼlumot va hisob-kitoblar avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi va real vaqt rejimida QR-kod tizimi ishtirokchilariga yetkaziladi;

• QR-kod tizimi doirasida mijozlarni qoʻllab-quvvatlash xizmati va murojaatlarning holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuklab olish imkoniyati yaratiladi.

Qoidalarga koʻra, har bir foydalanuvchiga mobil ilovalar orqali QR-kodni skanerlash, toʻlov summasini tasdiqlash va har bir operatsiya boʻyicha onlayn maʼlumotnoma olish va tranzaksiyalar tarixi bilan tanishish imkoniyati taqdim etiladi.