Oʻzbekistonda “Temir daftar”ga kiritilgan 1 197 ta kam taʼminlangan oilaning xonadonlariga quyosh panellari bepul oʻrnatiladi. Bu “Yorqin xonadon” ijtimoiy loyihasining yakuniy bosqichi doirasida amalga oshiriladi. Bu haqida Energetika vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur loyiha Oʻzbekiston Energetika vazirligi hamda Saudiya Arabistonining “Acwa” kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Yangi bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand va Buxoro viloyatlarini qamrab oladi.
Quyosh panellari oʻrnatiladigan oilalar roʻyxati “Temir daftar” reyestri asosida hududiy hokimliklar bilan hamkorlikda shakllantiriladi. Maʼlumotlarga koʻra, loyiha doirasida hozirga qadar Surxondaryo, Buxoro, Toshkent, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpogʻistonda 1 580 ta oila hamda 334 ta ijtimoiy soha obyekti quyosh panellari bilan taʼminlangan. Ular orasida maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va qishloq vrachlik punktlari ham mavjud.
Loyihaning yangi bosqichi yakunlangach, “Yorqin xonadon” tashabbusi 3 100 dan ortiq oila va ijtimoiy soha obyektini qamrab olishi rejalashtirilgan. Ushbu tashabbus orqali ehtiyojmand oilalarning elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hamda aholining energiya taʼminotidagi imkoniyatlarini yaxshilash koʻzda tutilgan.
Shuningdek, oʻrnatilgan quyosh panellari orqali ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa sotish imkoniyati ham yaratiladi. Maʼlumot uchun, “Acwa” kompaniyasi Oʻzbekistonda 2019-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Ayni paytda kompaniya mamlakatda umumiy quvvati 13,9 GVt boʻlgan 19 ta loyihani amalga oshiryapti. Ushbu loyihalarga jami 16,5 mlrd dollar miqdorida investitsiya kiritilishi koʻzda tutilgan.