11
11

Oʻzbekiston Global innovatsiya indeksi reytingida 2026-yilda ham barqaror oʻsishga erishdi

Reyting global tadqiqot va innovatsion rivojlanish boʻyicha dunyo mamlakatlari faoliyatini baholaydigan yetakchi tadqiqot hisoblanadi hamda 2 ta subindeks va 7 ta yoʻnalish guruhiga birlashtirilgan 80 ga yaqin indikatorni oʻz ichiga oladi.

Joriy yil 29 centyabr kuni eʼlon qilingan GIIning 2026-yil hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston oʻtgan yilgi koʻrsatkichga nisbatan 2 pogʻona oʻsib, 139 ta mamlakat orasida 77-oʻrinni egalladi.

Oʻzbekiston quyi va oʻrta daromad guruhida 36 ta mamlakat oʻrtasida kuchli 8 talik hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida 11 ta mamlakat ichida kuchli 4 talik mamlakatlar qatoridan joy oldi.

Reytingda innovatsiyalarga yoʻnaltiriladigan sarmoya va resurslar (innovation input) subindeksida 68-oʻrin (1 pogʻonaga oʻsdi) va innovatsiyalar natijadorligi (innovation output) subindeksida 78-oʻrin (14 pogʻonaga oʻsdi) egalladi.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston GII reytingiga ilk bor 2015-yilda qoʻshilgan boʻlib, 141 ta mamlakat orasida 122-oʻrinni egallagan. Mamlakatimiz 2025-yilda 139 ta mamlakat orasida 79-oʻrindan joy olgan.

Oʻzbekiston GII reytingida ilm-fan, tadbirkorlik va mehnat unumdorligi boʻyicha jahonda yuqori natijalarni qayd etdi.

Xususan, mamlakatimiz “Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar” indikatorida 2-oʻrinni, “Tadbirkorlik siyosati va madaniyati” indikatorida 3-oʻrinni, “Startap va skaylaplarni moliyalashtirish” indikatorida 4-oʻrinni hamda “Mehnat unumdorligi oʻsishi” indikatori boʻyicha 7-oʻrinni egalladi.

Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-21 son Farmoniga koʻra GII reytingida 2030-yilga kelib Oʻzbekistonni dunyodagi yetakchi 60 ta innovatsion davlat qatoriga kiritish vazifasi hamda 2026-yilda 77-oʻrinni egallash maqsadli koʻrsatkichi belgilangan.