11
11

Toshkent metropolitenida yoʻlovchi tashish boʻyicha navbatdagi rekord qayd etildi

21-sentyabr kuni Toshkent metropolitenida yoʻlovchi tashish boʻyicha navbatdagi rekord koʻrsatkich qayd etildi. Shu kuni metropoliten xizmatlaridan jami 1 million 181 ming 581 nafar yoʻlovchi foydalangan. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, mazkur koʻrsatkich 2026-yil 14-sentyabrda qayd etilgan avvalgi rekord — 1 million 165 ming 550 nafar yoʻlovchiga nisbatan 16 ming 31 nafarga koʻp.

Mutaxassislar monitoringi va tahlillariga koʻra, yoʻlovchilar oqimining oʻsish tendensiyasi davom etmoqda. Mavjud koʻrsatkichlar asosida oktyabr oyida metropolitenda bir kunda tashiladigan yoʻlovchilar soni 1,2 million nafarga yetishi kutilmoqda.

Shuningdek, Toshkent metropolitenida 1 million 200 minginchi yoʻlovchini aniqlash hamda unga maxsus imtiyoz yoki sovgʻa taqdim etish tashabbusi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, 2026-yil davomida xarid qilinib, Toshkent metropoliteniga yetkazib berilishi rejalashtirilgan 14 ta zamonaviy harakat tarkibining barchasi vagonlar parkiga olib kelingan.