46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 1-tur bahslariga start berildi

Ikki yil oldin Vengriyada oʻtkazilgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida 380 jamoa qatnashgan edi. Bu 2024-yilda Budapeshtda oʻtkazilgan olimpiada rekordi yangilanadi, degani.

Bugun 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 1-tur uchrashuvlariga start berildi. Qurʼa natijasiga koʻra, ayollar yurishni oq, erkaklar esa qora donalarda boshlashdi.

Olimpiadada ishtirok etish uchun FIDEga aʼzo mamlakatlardan bittadan jamoa shakllantirilgan. Jamoa tarkibi 4 ta asosiy va 1 ta zaxira shaxmatchidan iborat.

Ishtirokchi jamoalar reytingiga koʻra, erkaklar jamoalari roʻyxatini Fabiano Karuana, Uesli So, Hans Niyemann, Levon Aronyan, Avonder Liang va 2016-yilgi shaxmat olimpiadasi oltin medal sohibi Jon Donaldsondan iborat Amerika Qoʻshma Shtatlari boshqarib turibdi. Keyingi pogʻonani Arjun Erigaisi, Praggnanandxa, Pentala Harikrishna, Nihal Sarin, Gukesh Dommaraju, Vidit Gujrati va jamoa sardori Srinath Narayananni jamlagan Hindiston terma jamoasi egallagan.

Uchinchi pogʻonadan Rustam Qosimjonov sardorligidagi Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminovdan tashkil topgan Oʻzbekiston-1 terma jamoasi oʻrin olgan. Shuningdek, Xitoy, Germaniya, Ozarbayjon, Armaniston, Argentina, Niderlandiya, Angliya, Turkiya, Fransiya, Eron kabi terma jamoalar keyingi reyting oʻrinlarida koʻrsatilgan. Shaxmat olimpiadasida Oʻzbekiston-1 jamoasi singari Oʻzbekiston-2 va Oʻzbekiston-3 jamoalari ham dona suradi.

Muhammadzohid Suyarov, Abdumalik Abdusalimov, Jahongir Vohidov, Humoyun Bekmuratov, Ortiq Nigʻmatov harakatlanadigan Oʻzbekiston-2 jamoasi reytingda 32, Saidakbar Saidaliyev, Bahrom Bahrullayev, Almas Rahmatullayev, Muhammadali Abdurahmonov, Asrorjon Omonovdan tashkil topgan Oʻzbekiston-3 jamoasi 55-oʻrinda qayd etilgan.

Xotin-qizlar terma jamoalari roʻyxatining eng yuqori qatorida 45-shaxmat olimpiadasi gʻolibi Hindiston jamoasi, keyingi oʻrinlarda Gruziya, Xitoy, Qozogʻiston, AQSH, Ukraina, Polsha, Fransiya, Serbiya, Niderlandiya, Germaniya, Vengriya kabi oʻnlab mamlakatlarning jamoalari joylashgan.

Mahoratli shaxmatchi qizlarimiz Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Nilufarxon Imomqoʻziyeva, Umida Omonova, Guldona Karimovadan iborat Oʻzbekiston-1 ayollar jamoasi 13, Nilufar Yoqubboyeva, Marjona Malikova, Asal Salimova, Madinabonu Xalilova, Mumtozbegim Mansurovadan tashkil topgan Oʻzbekiston-2 jamoasi 42, Shoxina Ahmedova, Maftuna Bobomurodova, Barchinoy Shokirjonova va Ozoda Shahzodovadan iborat Oʻzbekiston-3 ayollar jamoasi 63-pogʻonada keltirib oʻtilgan.

Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasining 1-tur raqiblari maʼlum boʻldi. Unga koʻra, 1-tarkib erkaklar jamoamiz Yamayka bilan, Oʻzbekiston-2 ­ Afgʻoniston bilan, Oʻzbekiston-3 ­ Mali bilan bahs olib boradi. Shuningdek, Oʻzbekiston ayollar terma jamoamizning 1-tarkibi Trinidad va Tobago bilan, Oʻzbekiston-2 Togo bilan, Oʻzbekiston-3 ­ Tanzaniya bilan oʻynaydi.

Milliy terma jamoamiz safida samarqandlik Jahongir Vohidov, Afruza Hamdamova, Guldona Karimova, Marjona Malikova, Ozoda Shahzodova hamda Shohina Ahmedova yurtimiz sharafini himoya qiladi.

— Biz ushbu olimpiadaga toʻrt yildan buyon tayyorgarlik koʻryapmiz, — deydi shaxmat boʻyicha yoshlar oʻrtasida ikki karra jahon chempioni, samarqandlik grossmeyster Afruza Hamdamova. — Turli xalqaro musobaqa va mashgʻulotlarda ishtirok etib, salohiyatimizni oshirdik, kuchimizni birlashtirdik. Bu musobaqani shaxmat tarixidagi eng nufuzli va shu bilan birga qiyin va bahsli musobaqa deb hisoblayman. Chunki, bu yilgi olimpiadada ayollar guruhida 190 ta jamoa gʻoliblik uchun bahs olib boradi. Va albatta, “Oʻzbekiston-1” ayollar terma jamoasi bilan yaxshi oʻyinlar koʻrsatib, olimpiada tarixidagi eng yaxshi natijamizni koʻrsatamiz, degan umiddaman.

Oʻz navbatida biz ham mamlakatimiz yigit va qizlari shohsupaning eng yuqori pogʻonalaridan joy olib, yurtimiz bayrogʻini yuksaklarga koʻtarishiga ishonamiz.