Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtiriladi

“Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–191-son, 10.09.2026-y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2027/2028 oʻquv yilidan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tibbiyot taʼlimi sohasiga ajratilgan davlat buyurtmasi parametrlari taʼlim yoʻnalishlari kesimida Sogʻliqni saqlash vazirligi (Vazirlik) tomonidan tasdiqlanadi. Bunda:

— Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojni oʻrganish boʻyicha asosiy ishchi organ hisoblanadi;

— qabul koʻrsatkichlari tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojdan kelib chiqib, hududlar ehtiyoji, tibbiyot tashkilotlarining ehtiyoji hamda tegishli mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar yetishmovchiligini hisobga olgan holda shakllantiriladi.

2027/2028 oʻquv yilidan tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim tashkilotlarida:

• davolash ishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi negizida “5+1” shaklidagi (bitiruvchi kurs talabalari bir yil toʻliq amaliyot oʻtashi shaklida) 6-yillik umumiy tibbiyot bakalavriat taʼlim yoʻnalishi joriy etiladi;

• amalda davolash ishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishining tegishli bosqichlarida tahsil olayotgan talabalarning oʻquv jarayonlari yangi moslashtirilgan oʻquv reja va dasturlar asosida tashkil etiladi;

• umumiy tibbiyot bakalavriat taʼlim yoʻnalishi bitiruvchilari umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasiga ega boʻladi va ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin boʻladi;

• tibbiyot sohasining barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun toʻliq oʻquv yili davomida amaliyot oʻtash tizimi joriy etiladi;

• stomatologiya yoʻnalishida talabalarning amaliy mashgʻulotlarini tashkil etish maqsadida tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktirib beriladi.