Milliy statistika qoʻmitasi hamda BMT Bolalar jamgʻarmasining (UNICEF) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi oʻrtasida “Multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) 2027” loyihasini amalga oshirish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjat Milliy statistika qoʻmitasi raisi Behzod Hamrayev va UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Regina Mariya Kastilyo tomonidan imzolandi.
Memorandum Oʻzbekiston va UNICEFning 2026–2030-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi doirasida bolalar, oʻsmirlar va ayollar farovonligini monitoring qilish, Barqaror rivojlanish maqsadlari koʻrsatkichlarini, shuningdek, milliy va xalqaro majburiyatlar ijrosini baholash uchun ishonchli statistik maʼlumotlarni shakllantirishga qaratilgan.
Hujjat doirasida tomonlar MICS-2027 kuzatuvini tayyorlash va oʻtkazish, tanlanmani shakllantirish, maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlash, sifat nazoratini taʼminlash, natijalarni tahlil qilish hamda eʼlon qilish yoʻnalishlarida hamkorlik qiladi.
Shuningdek, UNICEFning MICS jamoasi tomonidan tanlanmani shakllantirish, maʼlumotlarga ishlov berish, uy xoʻjaliklari kuzatuvini tashkil etish, natijalarni sharhlash va hisobot tayyorlash boʻyicha texnik koʻmak koʻrsatilib, maxsus seminarlar oʻtkaziladi.