Aholi murojaatlari bilan ishlashda kamchilikka yoʻl qoʻygan 151 nafar davlat xodimi ishdan olindi

2026-yilning yanvar–avgust oylarida Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlariga taʼsir choralarini koʻrish boʻyicha jami 5486 ta hujjat kiritildi.

Maʼlum qilinishicha, koʻrilgan choralar natijasida 151 nafar shaxs lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, 833 nafar xodimga hayfsan berildi, 150 nafari maʼmuriy javobgarlikka tortildi, 1335 nafari esa rasman ogohlantirildi.

Murojaatlarni koʻrib chiqishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, murojaatlar soni yuqori boʻlgan 10 ga yaqin tashkilotda amaliy oʻquv seminarlari ham tashkil etildi.

Prezident Xalq qabulxonalari aholi murojaatlari bilan ishlashda ijro intizomiga rioya etilishini doimiy nazorat qilib boradi.