“Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–1177-son, 11.09.2026-y.) qabul qilindi.
Ushbu Qonunning maqsadi sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunga koʻra, sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan amalga oshiriladi.
Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida quyidagilarning faoliyatini moliyalashtirish uchun mablagʻlar nazarda tutiladi:
— Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining;
— Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining;
— Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining.
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish odil sudlovni toʻliq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlarni taqsimlash:
— Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi uchun – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan;
— Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi uchun – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan;
— Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi uchun – Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan;
— harbiy sudlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo iqtisodiy sudlar, tumanlararo maʼmuriy sudlar uchun – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.