Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida arxeologlar Ozod yodgorligida 100 ga yaqin qadimiy dafn etilgan joyni aniqladi. Qazishma ishlarini Y.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti hamda Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti Ipak yo‘li arxeologiyasi tadqiqot markazi olib bormoqda.
Yodgorlikdagi tadqiqotlar 15-avgust kuni boshlangan. Ozod yodgorligi 2023-yilda Surxondaryo havzasining sharqiy qismida olib borilgan dala-qidiruv ishlari davomida aniqlangan. U Ozod qishlog‘idan janubi-sharqda, qadimiy Dalvarzintepa yodgorligidan taxminan olti kilometr uzoqlikda joylashgan.
Arxeologik obyektning maydoni taxminan 200 ga 100 metrni tashkil etadi. Joriy mavsumda mutaxassislar uning janubi-g‘arbiy qismidagi 10 dan ortiq qabristonlarni o‘rganmoqda.
Dastlabki natijalar dafn marosimlarining xususiyatlari va topilgan artefaktlar Sapallitepa madaniyatiga xos jihatlarga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Radiokarbon tahlili va topilmalarni qiyosiy-tipologik o‘rganish natijasida yodgorlik miloddan avvalgi 1700-1500-yillar davriga oid ekani aniqlangan.
Ozod Surxondaryo havzasida aniqlangan eng qadimiy qabristonlardan biri hisoblanadi. Uni o‘rganish olimlarga mintaqada qadimgi aholi dafn marosimlarining kelib chiqishi va rivojlanishini yanada chuqurroq tushunishga yordam berishi mumkin.
Yodgorlikdagi arxeologik qazishmalar va dala tadqiqotlari davom etmoqda.