Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida xalqaro ahamiyatga ega koʻprik sel oqibatida choʻkib ketgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Viloyati hokimligi mazkur holat yuzasidan rasmiy axborot berdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, kecha, 21-iyun kuni soat 20:45 atrofida togʻli hududlarda kuzatilgan yogʻingarchiliklar natijasida Obizarang daryosida suv sathi keskin oshib, sel oqimi yuzaga kelgan. Tabiiy hodisa oqibatida daryoning Sariosiyo tumani “Anorzor” mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi qismidagi, M-41 “Bishkek – Dushanbe – Termiz” xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yoʻlining 1449-kilometrida joylashgan koʻprik inshootiga zarar yetgan.
Dastlabki oʻrganish natijalariga koʻra, koʻprik konstruksiyalarida shikastlanishlar aniqlangan boʻlib, xavfsizlik nuqtayi nazaridan mazkur yoʻnalishda transport harakati vaqtincha toʻxtatilgan. Hozirda avtotransport harakati Uzun tumani hududidagi Doʻstlik, Yangi yoʻl va Qarashiq mahallalari orqali oʻtuvchi aylanma yoʻnalish boʻyicha tashkil etilgan.
Qayd etilishicha, ayni paytda Surxondaryo viloyati va Sariosiyo tumani rahbariyati, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi viloyat boshqarmasi masʼullari, tegishli mutasaddi tashkilotlar hamda soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh voqea joyida ish olib bormoqda.
“Mutaxassislar tomonidan koʻprikning texnik holati oʻrganilmoqda, yetkazilgan zarar koʻlami baholanmoqda hamda transport qatnovini tiklash boʻyicha zarur muhandislik chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda. Vaziyat nazorat ostida”, deyiladi hokimlik xabarida.
Qoʻshimcha qilinishicha, holat boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar belgilangan tartibda taqdim etib boriladi.
Maʼlumot uchun, ushbu koʻprik 1977-yilda qurilgan boʻlib, uzunligi 54,7 metrni tashkil etadi. U Tojikiston Respublikasi bilan bogʻlovchi muhim transport yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Koʻprik orqali soatiga oʻrtacha 600–800 ta avtotransport vositasi harakatlanadi.