Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo — Xitoy” siyosiy partiyalar muloqoti doirasida “Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda siyosiy partiyalarning roli” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir ushbu format tarixida Xitoydan tashqarida ilk bor o‘tkazilgani bilan ahamiyatlidir. Unda partiyalararo va parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, davlatlararo darajada erishilgan kelishuvlarni aniq iqtisodiy va ijtimoiy loyihalarga aylantirish mexanizmlari muhokama qilindi.
Konferensiyada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning yetakchi siyosiy partiyalari rahbarlari va vakillari, Xitoy Kommunistik partiyasi delegatsiyasi, parlament a’zolari, diplomatlar hamda ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, “Markaziy Osiyo — Xitoy” formati so‘nggi yillarda strategik sheriklikni rivojlantirishning muhim maydonlaridan biriga aylandi. Birinchi sammit 2023-yil may oyida Sian shahrida o‘tkazilgan. Sammit yakunida Sian deklaratsiyasi qabul qilinib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi va mazkur format Kotibiyati tashkil etildi.
2025-yil iyun oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi sammitda hamkorlik yanada rivojlantirildi. Unda Ostona deklaratsiyasi hamda Xitoy va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasida Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma qabul qilinib, uzoq muddatli sheriklikning huquqiy asoslari mustahkamlandi.
Samarqand konferensiyasi ishtirokchilari partiyalararo diplomatiya o‘zaro ishonchni mustahkamlash, jamiyatlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda islohotlarni amalga oshirish borasida tajriba almashishda muhim vositaga aylanishi mumkinligini ta’kidladilar.
Parlamentlararo hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, davlat va mahalliy boshqaruv, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, raqamlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurash, shuningdek, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida qonunchilik tajribasini almashish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilarning fikricha, mintaqa mamlakatlari va Xitoy parlamentlari qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, savdo va elektron tijoratni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, standartlar va sertifikatlashtirish tizimlarini takomillashtirish uchun qulay huquqiy muhit yaratishga ko‘maklashishi mumkin.
Konferensiyada O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish va yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi ham qayd etildi. Xorijiy ishtirokchilar mamlakatning ochiq va pragmatik tashqi siyosati hamda xalqaro aloqalarining kengayib borayotganini yuqori baholadilar.
Hamkorlikning iqtisodiy jihatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 100 milliard dollarga yaqinlashmoqda. Shu bilan birga, yaqin yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilangan.
Kelgusidagi sheriklik doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zining tabiiy va inson resurslari, shuningdek, bozor salohiyatini Xitoyning texnologik, investitsiyaviy va sanoat imkoniyatlari bilan yanada faol birlashtirishni rejalashtirmoqda.
Istiqbolli yo‘nalishlar qatorida transport infratuzilmasini rivojlantirish, energetika, “yashil” iqtisodiyot, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar qayd etildi.
Konferensiya yakunida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari siyosiy partiyalari o‘rtasidagi muloqotni muntazam o‘tkazish, parlamentlar va ularning qo‘mitalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, qonunchilik sohasida tajriba almashish hamda qo‘shma amaliy tashabbuslarni ilgari surish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.
Shunday qilib, Samarqand konferensiyasi “Markaziy Osiyo — Xitoy” formatini rivojlantirishning yangi bosqichiga aylandi. U davlatlararo hamkorlikni partiyalararo va parlamentlararo diplomatiya bilan to‘ldirib, tomonlar o‘rtasidagi uzoq muddatli strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.