Xitoy jurnalining maxsus soni Oʻzbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlandi

Oʻquvchilar eʼtiboriga ingliz va xitoy tillarida Oʻzbekistonda siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy, madaniy va boshqa bir qator sohalarda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning salmoqli natijalari havola etilgan.

Xususan, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi hamkorlik, Oʻzbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi, oliy taʼlim va yoshlar sohasidagi davlat siyosati hamda mamlakatimizning boy madaniy va sayyohlik salohiyati kabi dolzarb mavzular qamrab olingan.

Nashrda Oʻzbekiston Prezidentining Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqining toʻliq matni oʻquvchilarga taqdim etilgan.

Jurnalning alohida bobi Sirdaryo viloyatining investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyatiga bagʻishlangan.

“Lookwe”, shuningdek, oʻzbek milliy taomlarining xilma-xilligi, boy madaniyati va sanʼati, milliy sport turlari va Oʻzbekistonning turistik imkoniyatlari bilan tanishtiradi.

Jurnal Xitoy vazirlik va idoralari, diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar, shuningdek, mamlakatning yirik kompaniyalari, tahlil markazlari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida tarqatilmoqda.