Xitoyning Shinjon hududidagi Artush shahrida jurnalistlar Anjir sanoatini kompleks rivojlantirish ilmiy-texnologik innovatsiyalar parkining issiqxona majmuasiga tashrif buyurdi. Bu yerda anjir yetishtirish va qayta ishlash bilan bir qatorda, uni saqlash va sotish texnologiyalari ham rivojlantirilmoqda.
Artush shahri "Xitoy anjirining vatani" deb ataladi. Ilgari mahalliy ishlab chiqaruvchilar asosan yangi uzilgan anjirni sotishgan, biroq uning qisqa muddat saqlanishi mahsulotni uzoq hududlarga yetkazib berishni cheklab kelgan. Hozir esa korxonalar azotli muhitda saqlash va uzluksiz sovutish tizimidan foydalanmoqda. Natijada yangi anjirni 15–20 kungacha saqlash imkoniyati paydo bo‘lgan.
"Ilgari terib olingan anjir xona haroratida saqlanganda ertasi kuniyoq yumshab, buzila boshlardi. Shu sababli uni faqat yaqin shaharlarda sotish mumkin edi. Endi esa azotli muhitda saqlash va uzluksiz sovutish tizimi tufayli anjir yuk mashinalari va samolyotlar orqali jo‘natilmoqda. Uch-to‘rt kun ichida u bu yerdan minglab kilometr uzoqlikdagi do‘konlar peshtaxtalariga, hatto xorijiy bozorlarga, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham yetib borishi mumkin", — dedi fermer Akbayr Qurbon.
2023-yilda Artush shahri ma’muriyati Xinjiang Haidekun Agricultural Technology Co., Ltd. kompaniyasini jalb qildi. Kompaniya anjir yetishtirish, uni qayta ishlash va turizm loyihalarini birlashtirgan parkni barpo etdi.
Bu yerda anjirdan quritilgan mevalar va murabbodan tortib, ichimliklar, vino, anjir barglaridan tayyorlangan mahsulotlar hamda kosmetika vositalarigacha bo‘lgan 40 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqariladi.
2025-yilda park 3000 dan ortiq fermer xo‘jaligi bilan shartnomalar tuzdi. Korxona ma’lumotlariga ko‘ra, buning natijasida har bir oila yiliga o‘rtacha 25 ming yuan (3,5 ming dollar) miqdorida qo‘shimcha daromad olgan.
Shu bilan birga, Artushda aqlli issiqxonalar ham rivojlantirilmoqda. Avtomatik tizimlar haroratni nazorat qiladi, tomchilatib sug‘orish tizimi esa suvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘simliklarning ildizlariga yetkazib beradi. Mikroiqimni nazorat qilish hisobiga bu yerda yangi uzilgan anjirni deyarli yil davomida yig‘ib olish mumkin.
Kompaniya raisi Van Shengyening so‘zlariga ko‘ra, anjir yetishtirishni mavsumiy modeldan chiqarish va uni qayta ishlashni rivojlantirish ishlab chiqarish zanjirini kengaytirish hamda sohaning iqtisodiy samaradorligini oshirish imkonini bermoqda.