10-avgust kuni Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonining Korla shahrida Xitoy — Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligi texnologiyalari innovatsiyalari alyansining 2026-yilgi ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan alyans a’zosi bo‘lgan 70 ta tashkilot vakillari, Xitoy va xorijdan olti nafar akademik, 300 dan ortiq ekspert va olim, shuningdek, 60 dan ziyod qishloq xo‘jaligi korxonasi vakillari ishtirok etdi. Anjuman qatnashchilari agrar sohada ilmiy-texnik hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Konferensiya doirasida "Markaziy Osiyoga transfer qilinishi lozim bo‘lgan texnologiyalar va natijalar hamda hamkorlikka bo‘lgan ehtiyojlar ro‘yxati (2026-yilgi nashr)" taqdim etildi. Hujjat Shinjon qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tomonidan alyansga a’zo 70 dan ortiq tashkilotdan olingan ma’lumotlar asosida tayyorlangan.
Ro‘yxatga Markaziy Osiyoga transfer qilish taklif etilayotgan 123 ta natija, Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xo‘jaligi texnologiyalariga bo‘lgan 88 ta ehtiyoji hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy texnologiyalariga bo‘lgan 90 ta ehtiyoji kiritilgan. Shu tariqa, hujjatda Xitoy tomonining takliflari bilan bir qatorda Markaziy Osiyodagi hamkorlarning talablari ham inobatga olingan.
Ro‘yxat to‘rtta asosiy bo‘limni — navlar, texnologiyalar, mahsulotlar va patentlarni qamrab oladi. Navlar bo‘limida qishloq xo‘jaligi ekinlarining 32 ta yangi navi, jumladan, paxta, soya, raps va beda navlari taqdim etilgan. Ularning asosiy xususiyatlari orasida kasalliklarga, sho‘rlanish va ishqoriy tuproqlarga chidamlilik, shuningdek, mexanizatsiyalashgan yig‘im-terimga moslashganlik bor.
Texnologiyalar bo‘limiga 30 ta ishlanma kiritilgan. Ular orasida chegaralararo ko‘chib yuruvchi zararkunandalarni monitoring qilish va erta ogohlantirish tizimlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini vakuum yordamida fumigatsiya qilish va yangiligini saqlash texnologiyalari, shuningdek, qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlarda o‘simliklarning chidamliligi hamda hosildorligini oshirishga qaratilgan yechimlar mavjud.
Mahsulotlar bo‘limida 34 turdagi ishlanma, jumladan, biologik pestitsidlar, aqlli qishloq xo‘jaligi uskunalari va funksional mikrob preparatlari o‘rin olgan. Yana 29 ta yo‘nalish patentlardan iborat bo‘lib, ular chegaralararo kasallik va zararkunandalarni monitoring qilishdan tortib, qishloq xo‘jaligi ekinlarining noqulay sharoitlarga chidamliligini oshirishgacha bo‘lgan turli sohalarni qamrab oladi.
Shinjon qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi direktor o‘rinbosari Alibi Arsi ta’kidlashicha, mazkur ro‘yxat texnologiya ishlab chiquvchilari bilan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi potensial foydalanuvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yengillashtirishga qaratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy — Markaziy Osiyo xalqaro texnologiyalar transferi markazini yanada rivojlantirish mintaqada ushbu ishlanmalarning amaliy qo‘llanilishini kengaytirishga yordam beradi.
Kelgusida alyans Markaziy Osiyo mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etishga ko‘maklashish hamda ilmiy-texnik ishlanmalar almashinuvini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Xitoy — Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligi texnologiyalari innovatsiyalari alyansi Shinjon qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashabbusi bilan 2025-yil sentabr oyida tashkil etilgan. Faoliyatining dastlabki yilida alyans ishtirokchilari aqlli qishloq xo‘jaligi, genetik resurslar, suvni tejovchi sug‘orish, sho‘rlangan va ishqoriy yerlarni o‘zlashtirish, shuningdek, ekologik toza va kam uglerodli texnologiyalarga e’tibor qaratdi.
Hamkorlik doirasida Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan qo‘shma ilmiy-tadqiqot va innovatsion platformalar tashkil etildi. Ularning faoliyati allaqachon Markaziy Osiyoda yuqori hosilli paxta yetishtirish, meva va sabzavotlarning yangiligini saqlash, suvni tejovchi sug‘orish hamda himoyalangan qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini ommalashtirish bilan bog‘liq.