Yangi Oʻzbekistonda ayollarning oʻrni va masʼuliyati muhokama qilindi

Tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi faolligini oshirish, taʼlim olishi hamda kasbiy salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.

Senator oʻz maʼruzasida xotin-qizlarning bilim va koʻnikmalarini oshirish, zamonaviy kasblarni egallashi, mehnat bozorida munosib oʻrin egallashi hamda oʻz salohiyatini toʻlaqonli namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati haqida soʻz yuritdi.

Shuningdek, ishtirokchilar uchun “Oʻzbekistonda oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash — davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi” hamda “Oʻzbekistonda xotin-qizlar huquqlarini taʼminlashning konstitutsiyaviy-huquqiy kafolatlari” mavzulari boʻyicha treninglar oʻtkazildi.

Davra suhbati yakunida xotin-qizlarning mehnat va ijtimoiy faolligini yanada qoʻllab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan qator takliflar qabul qilindi.