Xitoyning Yunnan provinsiyasida oltita og‘ir yuk tashuvchi dron ilk bor birgalikda 780 kilogramm og‘irlikdagi konstruksiyani ko‘tarib, uni oddiy qurilish texnikasi yetib bora olmaydigan tog‘li hudud orqali belgilangan joyga yetkazdi. Taxminan 760 metr masofani bosib o‘tgan parvoz atigi uch daqiqa davom etdi.
Operatsiya avgust oyining boshida Dali-Bay avtonom okrugida qurilayotgan 500 kV kuchlanishli Hedyan elektr uzatish liniyasi va podstansiyasi loyihasi doirasida amalga oshirildi. Dronlar №137 tayanch yonida tayanch konstruksiyasining bir qismini bir vaqtda ko‘tarib, uni dara va tog‘ tizmasi ustidan olib o‘tib, №136 tayanch yoniga aniq tushirdi.
Bu Xitoy elektr energetikasi sohasida bir vaqtning o‘zida oltita dron yordamida yuk ko‘tarish texnologiyasining amaliyotda qo‘llanilgan ilk holati hisoblanadi. Bungacha rekord Yunnanda Xitoy–Laos elektr uzatish liniyasini qurishda qo‘llangan to‘rtta drondan iborat tizimga tegishli edi.
Texnologiyaning asosiy afzalligi — og‘ir konstruksiyalarni vaqtinchalik yo‘llar qurmasdan, borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlarga yetkazish imkoniyati. Xitoyning janubi-g‘arbiy qismida yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarining 70 foizdan ortig‘i yonbag‘irlar, daralar va o‘rmonli hududlardan o‘tadi. Shu sababli an’anaviy logistika usulida vaqtinchalik yo‘llar qurish va materiallarni yetkazib berish katta xarajatlarni talab qiladi.
Oltita dronning birgalikda ishlashi uchun ular yagona boshqaruv tizimiga birlashtirilgan. Maxsus osma moslama yukni dronlar o‘rtasida teng taqsimlaydi. Muvofiqlashtirish algoritmlari va yuqori aniqlikdagi joylashuv tizimi esa parvoz vaqtida yukni barqaror ushlab turish hamda uning tebranishini kamaytirishga yordam beradi.
Mazkur texnologiya allaqachon alohida sinovlar doirasidan chiqib, amaliyotda qo‘llanilmoqda. 2026-yil boshidan buyon Yunnan Power Transmission & Transformation Engineering qurilish kompaniyasi elektr tarmoqlari obyektlarida dronlar yordamida 15 ming tonnadan ortiq materiallarni tashigan.
Ishlab chiquvchilarning baholashicha, dronlardan foydalanish yuk tashish samaradorligini besh barobardan ko‘proq oshirish, shuningdek, o‘rmon hududlariga ta’sirni 90 foizdan ortiq kamaytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, ayrim hududlarda daraxtlarni kesish uchun alohida ruxsat olish zarurati ham bartaraf etiladi.
2026-yilda Yunnan provinsiyasida elektr tarmoqlarini qurishda dronlardan foydalanishga ixtisoslashgan maxsus guruh ham tashkil etildi. Guruh bir nechta dron yordamida yuklarni birgalikda ko‘tarish, 3D modellashtirish va havodagi logistika jarayonlarini intellektual boshqarish texnologiyalarini rivojlantirish ustida ishlamoqda.