Cho‘lni yashnatgan mo‘jiza

27-iyun kuni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan ommaviy axborot vositalari vakillari Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonining Aksu viloyati Vensu tumanidagi Fenchin bog‘ida joylashgan "Bintansin" navli olma va yunon yong‘og‘i yetishtiriladigan namoyish maydonlariga tashrif buyurdi. Ular Kokkiyar cho‘lini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha qariyb 40 yil davom etgan loyiha natijalarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, uni haqli ravishda haqiqiy mo‘jiza deb baholadilar.

"Kokkiyar" so‘zi uyg‘ur tilidan tarjima qilinganda "Moviy qoya" degan ma'noni anglatadi. Bundan qirq yil avval bu hudud butunlay hosilsiz va qumli cho‘l edi. 1980-yillarda bu yerda yiliga yuz kundan ortiq qum bo‘ronlari kuzatilar, cho‘l esa har yili shaharga qariyb besh metrga yaqinlashib borardi.

1986-yilda Aksuda Kokkiyarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha yirik loyiha boshlandi. Turli millat vakillari cho‘lning o‘zida yashab, sug‘orish kanallarini qo‘l mehnati bilan qazishdi va daraxtlar ekishdi. Qirq yillik uzluksiz mehnat natijasida o‘rmonzorlar maydoni 1,2 million mudan (taxminan 80 ming gektar) oshdi. O‘rmon bilan qoplangan hudud ulushi esa 1986-yildagi 8 foizdan bugungi kunda 73 foizga yetdi. Sobiq sahro endilikda himoya va mevali daraxtlardan iborat ulkan "yashil devor"ga aylangan.

"Bintansin" olma bog‘idagi namoyish maydonida jurnalistlar ilgari toshloq cho‘l bo‘lgan 8 ming mu yer qanday qilib yam-yashil vohaga aylanganiga guvoh bo‘ldilar. Mevali daraxtlarga o‘rnatilgan ko‘plab raqamli belgilar ularning e'tiborini tortdi. Bu belgilar hosildorlikni ilmiy asosda me'yorlashtirish orqali yuqori sifatli olma yetishtirishning o‘ziga xos "raqamli pasporti" hisoblanadi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, mahalliy kooperativ gullarni va mevalarni siyraklashtirish, shuningdek, ayrim daraxtlarni tanlab kesish texnologiyalarini qo‘llaydi. Natijada har bir mudan o‘rtacha uch tonna hosil olinmoqda, yetishtirilayotgan olmalarining 90 foizdan ortig‘i esa oliy navga mansub. Bog‘dorchilikning keng rivojlanishi nafaqat qum ko‘chishini to‘xtatib, hudud mikroiqlimini yaxshiladi, balki har yili 20 mingdan ortiq kishining bandligini ham ta'minlamoqda.

Qozog‘istonning KTK telekanali prodyuseri Azamat Yesbergenov shunday dedi:

"Hayotsiz cho‘ldan gullab-yashnagan mevali bog‘larga aylangan Aksu — qirq yillik mehnat natijasida yuzaga kelgan haqiqiy ekologik mo‘jiza. Bu o‘zgarishlarning ko‘lami nihoyatda ulkan. Qozog‘istonda ham katta cho‘l hududlari mavjud. Shu bois Kokkiyar tajribasini chuqur o‘rganish muhim ahamiyatga ega."

Vensu tumanidagi yunon yong‘og‘i namoyish maydonida OAV vakillari mahalliy yong‘oqchilik tarmog‘ining rivojlanishi bilan yaqindan tanishdilar. Vensu "Xitoy yunon yong‘og‘ining vatani" sifatida tanilgan. Bu yerda "o‘rmon o‘zini boqadi" tamoyili asosida mevali daraxtlardan olinadigan daromad yana o‘rmonlarni saqlash va tiklashga yo‘naltiriladi. Natijada ekologiyani muhofaza qilish va iqtisodiy rivojlanish bir-birini to‘ldirib boradi.

Qirg‘izistondagi "Ipak yo‘li. Yangi nigoh" multimedia nashri bosh muharriri Suyunbek Samsheyev shunday fikr bildirdi:

"Kokkiyarning o‘zgarishi faqat ekologik muvaffaqiyat emas. Bu ishonch, qat'iyat va avlodlar davomiyligining yorqin namunasidir. Bu yerda ko‘p avlodlarning birgalikdagi mehnati tufayli imkonsizdek tuyulgan ish amalga oshdi. Qirg‘iziston ham cho‘llanish muammosiga duch kelmoqda. Davlat rejalashtirishi, mutasaddi idoralar ko‘magi, korxonalar yetakchiligi va fermerlar ishtirokiga asoslangan ushbu model biz uchun juda qimmatli tajribadir."

Tojikistonning ASAL axborot agentligi bosh muharriri Anushervon Rasulov esa quyidagilarni ta'kidladi:

"Kokkiyarda men "yashil tog‘lar va musaffo suvlar bebaho boylikdir" degan tamoyilning amaliy ifodasini ko‘rdim. Bu yerda ekologik tiklanish bilan bir qatorda mevali bog‘dorchilik ham muvaffaqiyatli rivojlantirilgan. Natijada ekologik va iqtisodiy manfaatlar uyg‘unlashtirilgan. Bu tajriba Tojikistonning tog‘li hamda qurg‘oqchil hududlari uchun ham foydali bo‘lishi mumkin."

Kokkiyarning cheksiz qumliklardan gullab-yashnagan bog‘larga aylanish yo‘li Markaziy Osiyo OAV vakillarida katta taassurot qoldirdi. Ular Xitoyning cho‘llanishga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatlari va Kokkiyar ekotizimini tiklash tajribasi haqida o‘z mamlakatlari jamoatchiligiga albatta so‘zlab berishlarini ta'kidladilar.