Xorazm viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida xitoylik mutaxassislar 68 nafar bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, 30 nafar bolada bepul jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirdi. Operatsiyalar urologiya, jag‘-yuz jarrohligi, plastik jarrohlik, ortopediya va umumiy jarrohlik yo‘nalishlarida o‘tkazildi.
Viloyat va tumanlardagi tibbiyot muassasalari shifokorlari uchun amaliy trening ham tashkil etildi. Bundan tashqari, tibbiyot markaziga texnik yordam sifatida videolaringoskop topshirildi.
Hamkorlik O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va „Future Smile“ jamg‘armasi o‘rtasida imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilmoqda. 2025-yilda O‘zbekistonlik 18 nafar pediatr Xanchjou shahrida malaka oshirgan. O‘sha yil sentyabr oyida xitoylik mutaxassislar 94 nafar bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, yana 30 ta bepul operatsiyani amalga oshirgan.
2026-yil aprel oyida esa Milliy bolalar tibbiyot markazi bazasida yana 50 nafar mahalliy shifokor malaka oshirdi.
Joriy tashrif davomida xitoylik delegatsiya Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ham bo‘ldi. Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi bilan 2027-yilning birinchi yarmida bolalarda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Shuningdek, „Meihao Tuoxin Biotechnology Co., Ltd.“ kompaniyasi vakillari Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi bilan O‘zbekistonda tibbiy uskunalar hamda tibbiy-kosmetik mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi.