Uzbekistan Airports va Loong Air Sian–Farg‘ona yo‘nalishini ochishni muhokama qildi

08.08.2026 10:00 IPAK YO‘LI 2047 ipaknews.uz

Uzbekistan Airports kompaniyasida Xitoyning Loong Air aviakompaniyasi delegatsiyasi bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga aviakompaniya marketing departamenti bosh menejeri Syao Vey boshchilik qildi.

Uchrashuvda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, jumladan, amaldagi yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar sonini oshirish, yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha xizmatlarni rivojlantirish, xususan, Fast Track va yuqori qulaylikdagi zallarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston aeroportlaridagi Duty Free do‘konlari operatorlari bilan hamkorlikda qo‘shma marketing loyihalarini amalga oshirish masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Muzokaralarning asosiy mavzusi Sian – Farg‘ona yangi xalqaro yo‘nalishini ochish bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari mazkur yo‘nalishning yuqori tijoriy salohiyatga ega ekanini ta’kidladi. Farg‘ona vodiysi mamlakatning eng zich aholi yashaydigan hududi bo‘lib, bu yerda ishbilarmonlik faolligi yuqori hamda turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.

Uzbekistan Airports kompaniyasining tijorat departamentida qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Farg‘ona vodiysida Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ortib bormoqda. Shuningdek, biznes masalalari va investitsiya loyihalarida ishlash uchun hududga kelayotgan Xitoy fuqarolari soni ham ko‘paymoqda.

Kompaniya fikricha, bu omillar yangi yo‘nalishda barqaror yo‘lovchi oqimini shakllantirish uchun zarur sharoit yaratadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Sian va Farg‘ona o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish loyihasini birgalikda ishlab chiqishni davom ettirish, shuningdek, Toshkent va Samarqandga mavjud reyslar sonini oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Hozirda Xitoyning Xanchjou shahrida joylashgan Loong Air aviakompaniyasi O‘zbekistonga uchta yo‘nalish bo‘yicha haftasiga 9 ta muntazam reysni amalga oshirmoqda:

  • Sian – Toshkent;
  • Chendu – Toshkent;
  • Sian – Samarqand.