Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud al-Shammari hamda Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Al-Mana bilan uchrashdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda ogʻir atletikani rivojlantirish, uning ommaviyligini oshirish, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va yuqori malakali sportchilarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda mazkur sport turi bilan shugʻullanuvchilar soni izchil ortib, oʻzbekistonlik sportchilarning nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgani sohadagi islohotlarning amaliy samarasi ekani taʼkidlandi.
Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasining sportni global miqyosda rivojlantirish, halol raqobat tamoyillarini mustahkamlash, dopingga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish hamda gender tenglikni taʼminlash borasidagi faoliyati yuqori baholandi.
Shuningdek, Xalqaro va Osiyo ogʻir atletika federatsiyalarining Oʻzbekiston bilan yoʻlga qoʻygan samarali hamkorligi, mamlakatimizda ogʻir atletikani rivojlantirish va xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etishga qoʻshayotgan hissasi alohida eʼtirof etildi.
Muloqot chogʻida shu yilning 7–14-avgust kunlari Toshkent shahrida oʻtkaziladigan ogʻir atletika boʻyicha Osiyo chempionatining hamda Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishining ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu nufuzli tadbirlar sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, yoshlarni sportga jalb etish, tajriba almashish va Oʻzbekistonning xalqaro sport maydonidagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston hamda Xalqaro va Osiyo ogʻir atletika federatsiyalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mamlakatimizda yirik xalqaro musobaqalarni oʻtkazish va ogʻir atletikani keng ommalashtirish boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlarni izchil davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv doirasida Muhammad Jalud al-Shammariga Oʻzbekiston Respublikasining “Faxriy fuqarosi” maqomi berilgani toʻgʻrisidagi guvohnomani tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Mehmonlar Senatning Faxriy mehmonlar kitobida yozuv qoldirdi.