Yozyovonda Xitoy investitsiyasi ishtirokida avtobuslar yigʻish zavodi tashkil etiladi

Yozyovon tumani hokimligi delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrif bilan borib qaytdi. Yuzma-yuz muloqotlar davomida xorijiy investitsiyalarni jalb etish va istiqbolli sanoat loyihalarini amalga oshirish boʻyicha qator kelishuvlarga erishildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

— Xitoyning Shensi provinsiyasi, Sian shahrida oʻtkazilgan muzokaralar doirasida tumanimizda zamonaviy avtobuslar yigʻish zavodini ishga tushirish boʻyicha kelishuvga erishildi, — deydi Yozyovon tumani hokimi oʻrinbosari Baxtiyor Ibrohimzoda. — Loyiha qiymati 160 million AQSH dollarini tashkil etib, u Xitoyning “Shaanxi Qinxing Automobile” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Yangi avlod avtobuslari jahon andozalari asosida ishlab chiqarilib, turli iqlim sharoitida — keskin sovuq va issiq ob-havoda barqaror faoliyat koʻrsatishga moʻljallangan. Quvvatlantirish tizimi noqulay ob-havo sharoitida haroratni nazorat qilish va himoya qilish imkoniyatiga ega. Barcha elektron tizimlar yuqori va past harorat sharoitiga moslashtirilgan.

Shuningdek, avtobuslarda joylashuvni aniqlash (GPS) tizimi va sifatli internetdan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Yoʻlovchilarni onlayn hisobga olish tizimi dispetcherlik xizmati bilan integratsiya qilingan boʻlib, zamonaviy texnologiyalar orqali masofaviy monitoring va maʼlumotlarni boshqarish imkoni taʼminlanadi.

Aytish joiz, joriy yilda tumanda 43,4 million dollarlik yangi sanoat loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda 24,7 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil etildi.

Hozirda sanoat zonasida umumiy qiymati 30 million dollarga teng boʻlgan uchta loyiha — baliq yemi ishlab chiqarish, metallni qayta ishlash zavodi hamda elektr kabellari ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish boʻyicha amaliy ishlar boshlangan.

Shuningdek, istiqbolda sanoat zonasi hududida mehmonxona, logistika va savdo majmualarini barpo etish ham rejalashtirilgan.

Mazkur loyihani amalga oshirish orqali Yozyovon tumanida avtomobilsozlik sohasida yangi bosqichni boshlash va uni tizimli ravishda rivojlantirish maqsad qilingan.