Joriy yilning yanvar–iyun oylari yakunlariga koʻra, Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan imtiyozli toifadagi fuqarolarga tibbiy yordam koʻrsatish dasturi doirasida 44 ming 633 nafar bemor davolangan. Buning uchun 591,2 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.
Hisobot davrida respublika boʻyicha 165 ta tibbiyot muassasasi dastur doirasida xizmat koʻrsatgan. Davolangan bemorlarning 58,8 foizi kattalar, 41,2 foizi bolalarni tashkil etgan. Jinslar kesimida esa erkaklar ulushi 51,4 foiz, ayollar ulushi 48,6 foizni tashkil qilgan..
Hududlar kesimida eng koʻp mablagʻ Toshkent viloyatiga — 80,1 milliard soʻm, Toshkent shahriga — 75,5 milliard soʻm hamda Samarqand viloyatiga — 63,7 milliard soʻm yoʻnaltirilgan.
Shuningdek, dastur doirasida eng koʻp murojaatlar koʻz kasalliklari va yurak-qon tomir xastaliklari boʻyicha qayd etilgan. Xususan, koʻzning surunkali yalligʻlanishi va distrofik katarakta bilan kasallangan 4 061 nafar, stenokardiyaning boshqa turlari bilan 3 297 nafar, gipertenziv yurak shikastlanishi bilan 1 106 nafar bemorga tibbiy yordam koʻrsatilgan.
Toʻlangan mablagʻlar hajmi boʻyicha yetakchi tibbiyot muassasalari qatoridan Bolalar milliy tibbiyot markazi (62,9 mlrd soʻm), Respublika pediatriya ilmiy markazi (56,1 mlrd soʻm), Respublika onkologiya markazi (52,2 mlrd soʻm), Milliy tibbiyot markazi (42,3 mlrd soʻm) hamda Respublika xirurgiya markazi (25,4 mlrd soʻm) oʻrin olgan.