So‘nggi yillarda Qoramoyda Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismidagi eng yirik intellektual hisoblash markazlaridan biri shakllantirildi. Hozirda shaharda oltita yirik data-markaz faoliyat yuritmoqda, ularning umumiy hisoblash quvvati 23,2 ming PFLOPSga yetgan bo‘lib, bu mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Raqamli infratuzilmaning energiya tejamkorligi va ekologik barqarorligiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Data-markazlarda elektr energiyasi sarfini sezilarli darajada kamaytiradigan zamonaviy suyuqlik yordamida sovutish tizimlari qo‘llanilmoqda. Server uskunalari ajratayotgan issiqlik turar joylar va issiqxona majmualarini isitishda foydalaniladi. Bundan tashqari, sanoat parkida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi bilan data-markazlarni bevosita ta'minlash loyihasi amalga oshirilmoqda.
Qoramoyning hisoblash quvvatlari nafaqat sun'iy intellekt va bulutli xizmatlarni rivojlantirish uchun xizmat qilmoqda. Ular allaqachon neft-gaz sanoati, qishloq xo‘jaligi, davlat boshqaruvi va raqamli shahar xizmatlarida ham qo‘llanilmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalar qatoriga avtonom qishloq xo‘jaligi texnikasi, neft konlarini aqlli boshqarish tizimlari hamda zamonaviy elektron davlat xizmatlari kiradi.
Shu bilan birga, shaharning urbanistik qiyofasi ham o‘zgarishda davom etmoqda. Jumladan, sobiq shahar shifoxonasi hududida zamonaviy ilmiy-texnologik park tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda u yerda o‘nlab innovatsion kompaniyalar, ilmiy-tadqiqot markazlari va texnologik platformalar faoliyat yuritmoqda.
Yuqori unumdor hisoblash infratuzilmasining rivojlanishi, "yashil" texnologiyalarning joriy etilishi va innovatsion loyihalarning qo‘llab-quvvatlanishi tufayli Qoramoy asta-sekin G‘arbiy Xitoyning raqamli iqtisodiyot bo‘yicha asosiy markazlaridan biriga aylanmoqda. Shu bilan birga, shahar mamlakatning muhim sanoat hududlaridan biri maqomini ham saqlab qolmoqda.