28–29 iyul kunlari O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vaziri Talantbek Soltoboyev Qirg‘iziston hududida barpo etilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lining asosiy qurilish obyektlarini ko‘zdan kechiradi. Bu haqda Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligiga tayanib, “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Xizmat safari davomida transport sohasi rahbarlari tunnellar, ko‘priklar va boshqa temir yo‘l infratuzilmasi obyektlaridagi qurilish ishlari bilan tanishadi. Shuningdek, loyiha amalga oshirilish sur’atlari hamda qurilishning navbatdagi bosqichlari muhokama qilinadi.
Tomonlar qurilish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish, shuningdek, loyihani izchil amalga oshirish bo‘yicha keyingi hamkorlikni muvofiqlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratadi.
Agentlik qayd etishicha, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega. Mazkur loyiha uch davlat o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirish, Qirg‘izistonning tranzit salohiyatini kengaytirish hamda yangi xalqaro transport yo‘lagini shakllantirishga xizmat qiladi.