Cho‘llanish Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun umumiy muammo hisoblanadi. O‘zbekiston ham qo‘shni davlatlar singari yerlarning degradatsiyasi, tuproq sho‘rlanishi va chang bo‘ronlari bilan kurashmoqda. Bu muammoning yagona yechimi yo‘q. Biroq dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ekotizimlarni tiklash mumkin. Buning uchun uzoq muddatli strategiya, qat’iyat va yillar davomida izchil mehnat talab etiladi. Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi Aksu okrugida amalga oshirilgan ekologik loyiha bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Aksu okrugi Taklamakon cho‘lining shimoli-g‘arbiy chekkasida joylashgan. Bundan qariyb 40 yil avval mutaxassislar bu hududni deyarli yashash uchun yaroqsiz deb baholagan. Tuproqdagi tuz miqdori 9,87 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘rmonzor barpo etish uchun bu ko‘rsatkich 1 foizdan oshmasligi kerak edi. Yiliga 100 kundan ortiq chang bo‘ronlari kuzatilgan, cho‘l esa har yili shahar tomon o‘rtacha 5 metr siljigan. Mahalliy aholi hazil tariqasida: “Bir kunda bir kilogramm chang yeysiz, kunduz tugatolmaganini kechasi davom ettirasiz”, der edi.
1986 yilda davlat dasturlari, maxsus moliyalashtirish va zamonaviy texnika bo‘lmagan bir paytda Aksu rahbariyati Kekeya cho‘l hududini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihani boshladi. Shu tariqa bugungi kungacha davom etayotgan ekologik dasturga asos solindi.
Kekeya himoya o‘rmonlari boshqaruvi stansiyasining ilk rahbari Imamu Maymayti o‘sha davrni shunday eslaydi:
“Daraxt ekish boshlanishidan avval bu yerda yalang‘och Gobi cho‘li cho‘zilib yotardi. Shamol ko‘tarilishi bilan shunday qum-to‘zon bo‘lardiki, ko‘zni ochishning iloji yo‘q edi.”
Loyihaning ilk ishtirokchilaridan biri Tarim universiteti o‘qituvchisi bo‘lib, u hamkasblari bilan ish faoliyatini amalda cho‘lga ko‘chirdi. Keyinchalik ularga 23 yoshli o‘rmonchi Sun Szyanszyan ham qo‘shildi.

Dastlabki yillar nihoyatda og‘ir kechdi. Odamlar dala sharoitida yashashga, ichimlik suvi tanqisligiga va kuchli sho‘rlangan tuproqda qo‘l mehnati bilan ishlashga majbur bo‘lishdi. Shunga qaramay, ishlar to‘xtamadi.
Sun Szyanszyan o‘sha kunlarni shunday eslaydi:
“O‘shanda xayolimda faqat bitta fikr bor edi: daraxtlar ildiz otsa bas.”
Shu bilan birga suv ta’minoti masalasini hal qilish zarur edi. To‘rt oy ichida 250 nafardan ortiq quruvchi 16,8 kilometr uzunlikdagi, suv sizib chiqishini oldini oluvchi qoplamaga ega magistral kanalni barpo etdi.
Shundan so‘ng tuproqni tiklash ishlari boshlandi. Drenaj ariqlari qazildi, qum olib kelindi va sho‘rlangan yerlar yuvildi. Natijada tuproqdagi tuz miqdori 9,87 foizdan 0,8 foizgacha kamaytirildi. 1987 yilda qariyb 133 gektar maydonga ekilgan dastlabki ko‘chatlarning yashab qolish darajasi 87,5 foizga yetdi.
1992 yilda mahalliy hokimiyat o‘zini o‘zi moliyalashtiradigan o‘rmon barpo etish modelini joriy qildi. Unga ko‘ra, himoya o‘rmonlari ekologik vazifani bajarsa, mevali bog‘lar daromad keltirar, ko‘kalamzorlashtirish esa aholining turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilardi.
Bugungi kunda Kekeyadagi ko‘chatzorlarning 85 foizdan ortig‘ini mevali bog‘lar tashkil etadi. Tarim havzasi atrofidagi 300 ming gektarlik bog‘dorchilik hududida har yili 3 million tonnadan ortiq mahsulot yetishtiriladi. Ishlab chiqarish hajmi esa 3 milliard AQSH dollaridan oshadi.

1996 yilda “Kekeya” loyihasi BMT Atrof-muhit komissiyasining Global 500 ro‘yxatiga kiritildi. Keyinchalik esa BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) unga cho‘l hududlarida ekologik iqtisodiyotning namunaviy zonasi maqomini berdi.
Kekeya tajribasiga tayangan holda Aksu okrugida yana beshta ekologik tiklash loyihasi amalga oshirildi. Natijada qariyb 393 ming gektar o‘rmon barpo etildi, mustahkamlangan va melioratsiya qilingan yerlar maydoni 568 ming gektarga yetdi. Mintaqaning o‘rmon bilan qoplanish darajasi 6,15 foizdan 9,1 foizgacha oshdi, chang bo‘ronlari esa sezilarli kamaydi. 2025 yilgi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Taklamakon cho‘lining shimoliy chekkasida uzunligi 50 kilometr, eni 47 kilometr bo‘lgan ulkan yashil himoya devori yaqqol ko‘rinmoqda.
Loyiha ishtirokchilarining ta’kidlashicha, mevali bog‘larning rivojlanishi mahalliy aholining turmush darajasini sezilarli yaxshiladi. Ko‘plab oilalar uy-joy sharoitini yaxshilash va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lish imkoniyatiga erishdi.
Bugun 62 yoshli Sun Szyanszyan nafaqada bo‘lsa-da, hanuz Kekeyaga tez-tez kelib turadi. Ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlangan kezlarda foydalangan eski ketmoniga qarab, u shunday deydi:
“Bu daraxtlar men uchun o‘z farzandlarimdek.”
Kekeya tarixi shuni ko‘rsatadiki, ekotizimlarni tiklash yo‘lidagi uzoq muddatli va izchil mehnat dunyoning eng qurg‘oqchil hududlaridan birining tabiiy sharoitini ham tubdan o‘zgartirishga qodir.