BMT Bosh assambleyasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan parlamentlar roliga oid rezolyutsiyani qabul qildi

27.07.2026 10:00 O'zbekiston 1700 ipaknews.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2026-yil 24-iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida“ rezolyutsiya qabul qildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Mazkur hujjatga dunyoning barcha mintaqalarini ifodalovchi BMTga aʼzo 61 ta davlat hammuallif boʻldi. Bu Oʻzbekistonning ijtimoiy rivojlanish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotganini tasdiqlaydi.

Rezolyutsiya muhokamasi chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining BMTdagi Doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov mazkur hujjatni qabul qilish tashabbusi mamlakatimiz Prezidenti tomonidan taklif qilinganini, jumladan bu global ijtimoiy rivojlanish kun tartibini ilgari surishga hamda xalqaro hamkorlikning parlament mezonini mustahkamlashga Oʻzbekistonning hissasi boʻlganini taʼkidladi.

Rezolyutsiyada 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda milliy qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, kambagʻallikni qisqartirish, munosib bandlikni taʼminlash, sifatli taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish va ijtimoiy integratsiyasini qoʻllab-quvvatlash orqali parlamentlarning asosiy roliga urgʻu beriladi. Hujjatda alohida eʼtibor xotin-qizlar va yoshlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini oshirish, ijtimoiy rivojlanish uchun raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va rivojlanayotgan mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi oʻtkazilgani hamda ijtimoiy rivojlanish va ijtimoiy adolat yoʻlida parlament harakati toʻgʻrisida Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilingani ham eʼtirof etilgan.

Hujjatda BMTga aʼzo davlatlar 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish va monitoring qilish jarayonlariga, jumladan ixtiyoriy milliy sharhlarni tayyorlash, milliy majburiyatlar ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish hamda fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash jarayoniga parlamentlarni yanada faol jalb etishga chaqiriladi. Bundan tashqari, rezolyutsiyada BMTning yirik tadbirlarida parlament aʼzolarining ishtirokini kengaytirish va ijtimoiy rivojlanish sohasidagi taraqqiyotni baholash samaradorligini oshirish uchun milliy statistika tizimlarini takomillashtirish tavsiya etiladi.

Hujjat qabul qilinishidan avval Oʻzbekiston Respublikasining BMTdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan keng koʻlamli siyosiy-diplomatik ishlar olib borildi. Muzokaralar jarayonida bir qator rasmiy maslahatlashuvlar, shuningdek, koʻplab ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazildi, bu esa BMT hujjatlarining universalligi tamoyillariga javob beradigan va barcha aʼzo davlatlarning manfaatlarini hisobga oladigan muvozanatli matnni kelishib olishga imkon berdi.