2025-yilning yanvar-iyul oylarida Oʻzbekiston 10 ta xorijiy davlatga qiymati 3,1 million AQSH dollariga teng boʻlgan 35,9 ming dona gaz plita eksport qilgan. Bu haqida Milliy statistika qoʻmitasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar qildi.
Unda aytilishicha, 2025-yilning 7 oyi mobaynida Oʻzbekiston eng koʻp gaz plita eksport qilgan davlatlar roʻyxatida Qozogʻiston peshqadamlik qilmoqda. Mamlakat joriy yilning ortda qolgan vaqti davomida 18,8 ming dona gaz plita xarid qilgan.
Undan keyingi oʻrinlarda 9,3 ming dona gaz plita sotib olgan Tojikiston ikkinchi, 2,6 ming dona koʻrsatkich bilan Rossiya uchinchi pogʻonada qayd etilgan.
Bundan tashqari, yanvar-iyul oylari davomida Qirgʻiz respublikasiga 1,8 ming dona gaz plitasi eksport qilingan. Qolgan 3,4 ming dona gaz plitalari boshqa davlatlar hissasiga toʻgʻri keladi.