2026-yil 23-iyul kuni “Ijtimoiy ish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–1159-son qonun qabul qilindi.
"Xalq so‘zi" nashri veb saytining xabar berishicha, ushbu Qonunning maqsadi ijtimoiy ish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunga koʻra, ijtimoiy ish – ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning imkoniyat va salohiyatini oshirishga koʻmaklashadigan, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamni rivojlantirish orqali jamiyatda ijtimoiy oʻzgarishlarga olib keladigan kasbiy faoliyat sohasidir.
Ijtimoiy ish tibbiyot, taʼlim, ijtimoiy himoya, bandlik, sud va huquq-tartibot, jazoni ijro etish sohalarida tashkil etiladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy ish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
Ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam birlamchi, ixtisoslashgan va yuqori ixtisoslashgan darajalarga boʻlinadi. Ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam:
• ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamdan foydalanuvchining yashash joyida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi orqali;
• ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamdan foydalanuvchining mahallasida;
• ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchilarning muassasalarida, shu jumladan statsionar muassasalarda koʻrsatiladi.
Ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
• ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning (oilaning) yoki uning qonuniy vakilining murojaati;
• ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning (oilaning) yoki uning qonuniy vakilining ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatish shartlariga roziligi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya aholini ijtimoiy himoya qilishda hamda ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatishda qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazorat qiluvchi vakolatli davlat organidir.