Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatidagi “Muruntov” konida ulkan karyer avtosamosvali xizmat pikapini bosib ketishi oqibatida ikki nafar ishchi halok boʻlgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ rasmiy maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 21-iyul kuni soat 05:30 larda “Muruntov” koni hududida avtovagʻdargich (karyer avtosamosvali) va xizmat avtomobili ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan. Oqibatda pikapda boʻlgan ikki nafar ishchi-xodim vafot etgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, nazorat qiluvchi davlat tashkilotlari tomonidan maxsus tekshiruv tayinlanib, hodisaning sodir boʻlish holatlari hamda kelib chiqish sabablari oʻrganilmoqda.
Kombinat maʼlumotiga koʻra, bunday noxush hodisalarning oldini olish maqsadida masʼul xizmatlar tomonidan qoʻshimcha xavfsizlik choralari koʻrilmoqda.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.