Gulistonda oʻzini Departament xodimi sifatida tanishtirgan shaxs ushlandi

21.07.2026 11:00 O'zbekiston 3220 ipaknews.uz

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida oʻzini Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolarni firibgarlik yoʻli bilan aldagan shaxs ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura hamda Departamentning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida fuqaro Sh.N. bir nechta shaxslarning mol-mulkini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgani aniqlangan.

Xususan, Sh.N. oʻzini Departament xodimi sifatida tanishtirib, fuqaro S.N.ga uning yaqin tanishi N.Sh.ga nisbatan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri doirasida vaqtincha olingan 292 dona, umumiy qiymati 462,9 mln soʻmlik tilla buyumlarini qaytarib berish hamda tergov harakatlarini uning manfaatiga hal qilib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga u S.N.dan 2500 AQSH dollari olgan.

Shuningdek, surishtiruv harakatlari davomida Sh.N. Guliston shahrida joylashgan “Shukron” choyxonasiga borib, xizmatlar uchun toʻlovni amalga oshirishdan bosh tortgani aniqlangan. U oʻzini Departamentning Guliston shahar boʻlimi boshligʻi sifatida tanishtirib, choyxona faoliyati yuzasidan soliq tekshiruvi oʻtkazishi va obyektni yopib qoʻyishi mumkinligini aytgan holda maʼmuriyatni qoʻrqitgan.

Mazkur holat yuzasidan 2026-yil 18-iyul kuni Departamentning Guliston shahar boʻlimi tomonidan Sh.N.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. U tergov jarayonida Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Hozirda jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.