Bishkek shahrida Qirg‘iziston raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Yoshlar kengashining XIX yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

20.07.2026 17:30 IPAK YO‘LI 3895 ipaknews.uz

2026-yil 17–18-iyul kunlari Bishkek shahrida Qirg‘iziston raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Yoshlar kengashining XIX yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishning ochilish marosimida Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari U. Mamatkanov hamda Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirining birinchi o‘rinbosari S. Nadirbekov so‘zga chiqdi.

SHHTga a’zo davlatlar vakillari yoshlar hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan, gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Pyao Yanfan Qirg‘izistonning SHHT Yoshlar kengashiga raislik davridagi faoliyatini yuqori baholab, tadbirlar dasturining sermazmun bo‘lganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, yoshlar tashkilotga a’zo davlatlar taraqqiyotining strategik resursi, Yevrosiyo hududida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashning muhim omillaridan biri ekani qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda SHHTning yoshlar kun tartibi raqamli texnologiyalar, muhandislik ijodkorligi, innovatsiyalar, turizm va tadbirkorlik kabi istiqbolli yo‘nalishlarni qamrab olmoqda. Bu yondashuv a’zo davlatlarning tashkilotni modernizatsiya qilish va ko‘p tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirish yo‘lidagi siyosatiga mos keladi.

Tadbirlar dasturi doirasida SHHT Yoshlar turizm forumi ham o‘tkazildi. Unda yoshlar turizmini rivojlantirish, jumladan, ekoturizm va alpinizmni qo‘llab-quvvatlash, tabiiy hamda madaniy merosni asrash, yoshlar o‘rtasidagi almashinuvlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.