Joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida Sirdaryo viloyatidagi mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan fuqarolar murojaatlariga asosan hamda hududlardagi muammolar hamda davlat organlari faoliyatini oʻrganish maqsadida jami 1088 ta deputatlik soʻrovi yuborildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan deputatlik soʻrovi 426 taga koʻpaydi. Albatta, bu, deputatlar va mahalliy Kengashlar faoliyati sezilarli darajada faollashganidan dalolat.
— Muhimi, deputatlik soʻrovlari natijadorligi ortmoqda, — deydi xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi kotibiyati mutaxassisi Shohruh Tursunqulov. — Masalan, Sirdaryo viloyati Kengashi deputatlari Jamol Komilov 9 ta, Norbobo Soatov 8 ta, Hikmatillo Mamatqulov 7 ta hamda Aziz Raxmonov va Salohiddin Elmurodov 6 tadan soʻrov yuborgan. Eʼtiborlisi, ushbu soʻrovlar kutilgan samarani bergan. Masalan, deputat Norbobo Soatov soʻrovida koʻtarilgan Oqoltin tumanidagi 2-maktab kutubxonasini taʼmirlash masalasi ijobiy hal etilgan. Deputat Muxsin Xodjiyevning deputatlik soʻrovidan soʻng Sayxunobod tumanidagi Mustaqillik mahallasiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tiklandi. Joriy yilda bu borada faol boʻlgan deputatlarimiz koʻpchilik.
Taʼkidlash lozimki, deputatlik soʻrovi deputatlik nazoratining hududlardagi dolzarb muammolarni aniqlash, masʼul tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish hamda fuqarolar manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiluvchi samarali vositasidir.