Poytaztimizdagi “Hilton” mehmonxonasida Xitoy Xalq Respublikasining Anxoy provinsiyasi madaniy turizm targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir tashkil qilindi. Unda provnisiya rahbariyati, O‘zbekiston turizm qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi, biznes va sanoat kengashi rahbariyati va mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Anxoy provinsiyasi hukumati vitse-gubernatori Sun Yun tomonidan hudud imkoniyatlari xususida yig‘ilganlarga atroflicha ma‘lumot berildi.
“So‘nggi yillarda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Xitoyning muhim sanoat mintaqasi sifatida Anxoydan Toshkentga bir necha taniqli kompaniyalar sarmoya kiritish uchun kelgan. Tashrif davomida biz oʻzbek xalqini Anxoy provnisiyasi bilan tanishtirish va ularni sarmoya kiritish va sayohat uchun provinsiyamizga tashrif buyurishga taklif qilib qolamiz” dedi Sun Yun
Ta’kidlandiki, Anxoy bu ajoyib tog֥‘lar, o'ziga xos ta'mga ega choy va tez rivojlanayotgan shaharlarni o‘zida mujassam etgan Xitoyning sharqiy qismida joylashgan provnisiya bo‘lib butun dunyoga o‘zining go‘zal tabiati bilan mashhur.
Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Najmiddinxo‘ja Sharipov ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari natijasida Toshkent viloyati va Anxoy provinsiyalari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan yangiliklar xususida so‘z yuritdi. Shuningdek u so‘nggi yillarda Toshkent viloyatiga investitsiya kiritayotgan xitoylik ishbilarmonlarning soni ortganini qo‘shimcha qildi.
“Bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning muhim iqtisodiy hamkorlaridan biri sanaladi. Chin yurti O‘zbekistonni “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi muhim hamkor deb biladi. So‘nggi yillarda mamlakat va xalqlarimiz o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Birgina Toshkent viloyati misolida mavzuni davom ettiradigan bo‘lsak 2023 yilning o‘zida Xitoy va ushbu viloyat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy o‘sish 115 %ga ko‘payib 623 million AQSh dollarni tashkil qildi. Bu tarixiy rekord ko‘rsatkichni yangilab, imkoniyatlarimizni namoyon qildi. Joriy yilning 1 aprel holatiga ko‘ra Toshkent viloyatida Xitoylik hamkorlar ishtirokidagi 702 korxona faoliyat yuritmoqda. Bundan 3 yil avval bu raqamlar 3 barobarga kam edi. Xitoylik koroxonalar ishtirokida turli sohalarda yuqori texnologik, investitsion loyihalarga qo‘l urildi. So‘nggi 5 yildagi investitsayalarning umumiy miqdori 2 milliard AQSh dollaridan oshdi.” dedi u.
O‘zbekiston turizm qo‘mitasi raisi maslahatchisi Feruz Dodiyev bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik aloqalari yuqori darajaga chiqqanini qayd etdi. U so‘nggi yillarda yurtimizga kelayotgan Xitoylik sayyohlar sonining ko‘payib borayotganini ham qo‘shimcha qildi.
O‘zbekiston biznes va sanoat kengashi raisi Anvar Abduqayumov yurtimizda tadbirkor va xorijlik investorlarga yaratilgan sharoitlar xususida fikr bildirdi va xitoylik tadbirkorlarni mamlakatimizga investitsiya kiritishga chaqirdi.
Tadbir davomida Anxoy provinsiyasining qator mutasaddilari xususan, madaniyat va turzim departamenti direktori o‘rinbosari Xe Chanfen va Xalqaro savdo palatasi vakili Chjen Duntao tomonidan hudud xususida batafsil ma’lumot berildi.
Turizm nuqtai nazaridan hudud eng qiziqarli provinsiyalaridan biri. Anxoyda Respublika va viloyat ahamiyatiga ega 300 ga yaqin sayyohlik obyektlari mavjud. Ular orasida oʻrmonli hududlar, 3 ta qoʻriqxona, togʻlar hamda Taypin koʻli bor.
Anxoy provinsiyasining asosiy diqqatga sazovor joyi – bu go‘zal Huanshan tog'lari (Sariq tog'lar) sanaladi. Huanshan YuNESKOning Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan. Huangshan Xitoyning eng go'zal tog'laridan biri hisoblanadi va ko'plab qadimiy rasmlar va she'riy asarlarda tasvirlangan.
Anxoy provinsiyasining ma’muriy markazi sanalgan Xefey ulkan rivojlanish salohiyatiga ega shahar bo‘lib, uning tarixi 3000 yilga borib taqaladi. Shaharning umumiy maydoni 11,4 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Xefeyning mahalliy an'anaviy taomlari ham juda mazzali sanaladi.
Tadbir davomida yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.