Qashqadaryo viloyatida hududdagi ilk to‘rsimon polietilen va kabel sanoati uchun mo‘ljallangan polietilen kompaund ishlab chiqaruvchi korxona foydalanishga topshirildi. Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda Qarshi shahrida barpo etilgan yangi zavod elektrotexnika sanoati uchun xomashyo ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha muhim loyihalardan biri hisoblanadi.
Loyihaning umumiy qiymati 25 million AQSH dollarini tashkil etadi. U to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 3 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatildi hamda ilk ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi.
Loyiha to‘liq yakunlangach, korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 35 ming tonnaga yetadi. Hozirning o‘zida bu yerda import o‘rnini bosuvchi 85 tonna xomashyo ishlab chiqarilgan.
Qo‘shma korxona bosh direktori Chjan Sin Xuaning ta’kidlashicha, mazkur loyiha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning yana bir yorqin namunasi hisoblanadi.
“O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar Buyuk ipak yo‘li davridan boshlangan ko‘p asrlik tarixga ega. Bugungi kunda hamkorligimiz yanada mustahkamlanmoqda. Ushbu loyiha elektrotexnika sanoatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yerda kabel mahsulotlari uchun yangi turdagi yuqori sifatli kompozit materiallar ishlab chiqariladi. Biz mintaqa iqtisodiyotining rivojlanishiga hissa qo‘shish, innovatsion yechimlarni joriy etish hamda mahalliy mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratishni rejalashtirganmiz”, — dedi u.
Korxonada Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida ishlab chiqariladigan polietilen granulalari qayta ishlanadi. Ulardan kabel mahsulotlarini izolyatsiya qilish uchun mo‘ljallangan polietilen kompaund tayyorlanadi. Shu paytgacha bunday mahsulotlar Rossiya, Xitoy, Hindiston va Erondan import qilinar edi. Mahalliy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi natijasida ichki bozor har yili 25–30 ming tonna mahalliy mahsulot bilan ta’minlanadi.
Qo‘shma korxona bosh direktorining o‘rinbosari Tavakkal Uzokovning ma’lum qilishicha, birinchi ishlab chiqarish liniyasida 10 kilovoltgacha bo‘lgan kuchlanishli kabellar uchun izolyatsion polietilen kompaund ishlab chiqarilmoqda.
“Keyingi bosqichlarda 35 kilovoltgacha bo‘lgan kabellar uchun izolyatsion materiallar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni, yakuniy bosqichda esa tayyor kabel mahsulotlari ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Hozirda mahalliylashtirish darajasi qariyb 70 foizni tashkil etmoqda, kelgusida uni 90–95 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan”, — dedi u.
Loyihaning navbatdagi bosqichlarida korxonada peroksid asosidagi xomashyodan foydalangan holda yong‘inga chidamli polietilen izolyatsion materiallar ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi. Yakuniy bosqichda esa tayyor kabel mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Kutilishicha, korxona mahsulotlari mamlakatdagi 40 dan ortiq kabel ishlab chiqaruvchi korxonalarga yetkazib beriladi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida 65 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, importga qaramlik kamayadi va O‘zbekiston elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish salohiyati yanada mustahkamlanadi.