Senat Raisi Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Elchisi bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Toyvo Klaar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.

Toyvo Klaar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar hamda parlamentlararo muloqotni rivojlantirish boʻyicha tashabbuslar Yevropa Ittifoqi tomonidan yuksak baholanayotganini qayd etdi.

Tomonlar Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning toʻliq kuchga kirishi oʻzaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirib, uni Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar parlamentlari tomonidan tezroq ratifikatsiya qilish muhimligini qayd etdi.

Shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, xususan, “Inter Pares” loyihasi doirasida qoʻshma tashabbuslarni davom ettirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi ochiq va konstruktiv muloqotni izchil davom ettirish, parlamentlararo aloqalarni yanada faollashtirish hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi amaliy loyihalar bilan boyitish yuzasidan ham fikr almashildi.