O‘zbekiston Xitoy biznes doiralari vakillariga mamlakatning investitsiya salohiyati va yangi hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etdi.
Tadbirda qurilish, sanoat zonalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari hamda savdo sohalarida faoliyat yuritayotgan Xitoy kompaniyalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat tomonidan yaratilgan mexanizmlar, shuningdek, chet el biznesi uchun taqdim etilayotgan soliq va boshqa imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, mamlakat hududlarida yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xitoy kompaniyalari vakillari O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini yuqori baholab, mamlakatda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti va xorijiy investorlar uchun mavjud sharoitlarni alohida e’tirof etdi. Ular iqtisodiyotning turli tarmoqlarida hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Davra suhbati yakunida tomonlar Xitoy kompaniyalari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldi. Tashrif davomida delegatsiya investitsiya maydonlari, sanoat infratuzilmasi hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishadi.