Bugun Namangan koʻchalarida turli tillarda soʻzlashayotgan insonlarni uchratish mumkin. Ammo ularning barchasini birlashtirib turgan yagona til bor. Bu — sanʼat tili. Aynan shu sababli forumga xalqaro tashkilotlar rahbarlari, vazirlar, madaniyat arboblari, musiqashunoslar va taniqli ijodkorlar jam boʻlmoqda. Ular uchun Namangan shunchaki navbatdagi manzil boʻlibgina qolmay, Sharq musiqiy tafakkurining boy xazinasini yaqindan his etish imkoniyatini berayotir. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Shu yilning yil 23–26-iyun kunlari Namangan shahrida YUNESKO va AYSESKO shafeligida oʻtayotgan III Xalqaro maqom sanʼati anjumani doirasida “Sharq maqomotining yangi tendensiyalari: anʼana va innovatsiyalar uygʻunligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda “Madaniyatlararo muloqot – tinchlik, oʻzaro ishonch va barqarorlik omili” mavzuida SHHT aʼzo davlatlarning madaniyatlararo muloqot forumi ham boʻlib oʻtdi.
Mazkur har ikki anjumanlarda Sharq maqomoti anʼanalarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganish, maqom, mugʻom, maqom, dastgoh va muqom kabi kasbiy musiqa tizimlari oʻrtasidagi tarixiy, nazariy hamda ijrochilik aloqalarini tahlil qilish masalalari muhokama etiladi.
Birgina Sharq maqomotining yangi tendensiyalariga bagʻishlangan yirik tadbirning oʻzida 50ga yaqin davlatdan 100 dan ziyod sanʼatshunos, musiqashunos va adabiyotshunos olimlar ishtirok etdi. Ular orasida xalqaro tashkilotlar rahbarlari, madaniyat sohasi vakillari, taniqli olimlar hamda ekspertlar bor.
Konferensiya doirasida xorijiy va mahalliy oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirokida hamkorlik memorandumlari imzolanib, maqom sanʼatini oʻrganish, taʼlim jarayoniga tatbiq etish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishda keng yoʻl ochildi.
Tadbir doirasida Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti va S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya universitetining Toshkent filiali hamkorligida “Rajabiy kodi: Maqomning raqamli xotirasi” nomli qisqa metrajli film tayyorlanmoqda.
Shuningdek, Koreya musiqa terapiyasi assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda maqom sanʼatining inson ruhiyati va madaniy terapiyadagi ahamiyatini oʻrganish boʻyicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Mazkur anjumanda ishtirok etgan xorijlik mehmonlarning fikrlari bilan oʻrtoqlashib, ularni suhbatga chorladik. Quyida ularning milliy musiqa merosini asrash, uni ilmiy asosda oʻrganish, yosh avlodga yetkazish va xalqaro miqyosda targʻib qilishga qaratilgan fikr-mulohazalarini sizlarga havola etamiz.
Dr. Serdar Cham,
Turkiya Respublikasining Madaniyat va turizm vaziri oʻrinbosari
- Bu uchrashuv kelajak avlodlar manfaatlari uchun juda muhim va foydali ahamiyatga ega. Kecha ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Janobi Oliylari Shavkat Mirziyoyev butun dunyoga muhim bir murojaat yoʻlladi. Shuningdek, nafaqat oʻzbek xalqiga, balki butun mintaqa va turkiy xalqlarga ham muhim vazifalarni belgilab berdi.
Shu bois bu madaniy merosni asrab-avaylash zarur. Biroq bugungi yigʻilishda taʼkidlanganidek, ushbu merosni zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish va uni yosh avlodlarga yetkazish ham muhimdir.
Maqom sanʼati juda ulkan madaniy meros boʻlib, bugungi kunda uning qadr-qimmati dunyo tomonidan tobora chuqurroq anglanmoqda. Sharqdan ham, Gʻarbdan ham koʻplab insonlar bu merosga qiziqish bildirmoqda.
Shuningdek, bir haqiqatni unutmasligimiz kerakki, madaniyat, musiqa, sanʼat va ilm-fan sohalarini qatʼiy ravishda Sharq va Gʻarbga boʻlib boʻlmaydi. Ular xalqaro va umuminsoniy boylikdir. Ular doimo oʻzaro taʼsirda boʻladi, bir hududdan boshqasiga oʻtadi, rivojlanadi va boyiydi.
Biroq biz yaxshi bilamizki, bu buyuk madaniy va ilmiy anʼanalarning koʻpchiligi aynan shu zamindan unib chiqqan va taraqqiy etgan. Men turk xalqi vakili sifatida ildizlarimizning shu zamin bilan bogʻliqligidan faxrlanaman. Shu bilan birga, Turkiyadan kelgan inson sifatida ushbu merosni asrash va kelajak avlodlarga yetkazish masʼuliyatini ham his qilaman.
Berat Emini, Shveysariyalik musiqa va sanʼat eksperti
- Anjumanga Turksoy tashkiloti tomonidan taklif qilinganimdan mamnunman.
Oʻzbekiston maqom sanʼati va uning atrofidagi madaniy muhit haqidagi fikrim ijobiy. Bu yirik tadbirda qatnashish barobarida yanada u haqida koʻproq maʼlumotlarga ega boʻldim. Maqomning oʻzi va uning ortida turgan sanʼat haqidagi qarashim shuki, bu juda goʻzal sanʼatdir. U insonga xotirjamlik baxsh etadi, qalbga osoyishtalik beradi.
Shuningdek, turli mamlakatlar oʻrtasida bogʻlanish va yaqinlashishning oʻziga xos vositasidir. Masalan, men Bolqon mintaqasidanman. Bizda Oʻzbekiston bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tarixiy aloqalar boʻlmagan. Ammo Usmoniylar imperiyasi tufayli, uning madaniyatga koʻrsatgan katta taʼsiri natijasida, biz oʻzaro bilvosita bogʻliqmiz, deb aytish mumkin.
Oʻzbekiston musiqasi haqida birinchi marta eshitganimdayoq maʼlum oʻxshashliklarni sezganman. Ayniqsa, musiqa asboblarida. Albatta, ular aynan bir xil emas, ammo tashqi koʻrinishi va ayrim xususiyatlari jihatidan oʻxshashliklar bor.
Qoʻshiqlar ham maʼlum maʼnoda bir-biriga oʻxshaydi. Ular bir xil emas, lekin diqqat bilan tinglasangiz, bu oʻxshashliklarni yaqqol his qilish mumkin.
Bundan tashqari, milliy liboslar va umuman sanʼat namunalarida ham Bolqon xalqlari madaniyati bilan koʻplab umumiy jihatlar mavjud. Menimcha, bu ikki mintaqa madaniyati oʻrtasida mushtarak nuqtalar juda koʻp.
Sulton RAYEV, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY bosh kotibi
— Maqom oʻzbek milliy madaniyatining noyob va betakror hodisalaridan biridir. U xalqlarimizning maʼnaviy boyligi, milliy sanʼatning yuksak namunasidir.
Maqom, shuningdek, lazgi kabi milliy sanʼat turlari qatori davlatingiz rahbarining doimiy eʼtibori va qoʻllab-quvvatlashi tufayli yanada rivojlanmoqda. Bir vaqtlar unutilib ketish xavfi boʻlgan koʻplab madaniy meros namunalari qayta tiklandi va yangi hayot kasb etdi.
Ayniqsa, mamlakatingiz yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan madaniyat sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar milliy madaniyatlarimiz taraqqiyotida yangi sahifa ochmoqda.
Ishonamanki, bugungi Oʻzbekiston nafaqat oʻz milliy merosini asrab-avaylaydi, balki jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ham munosib hissa qoʻshadi.
Akif Maʼrifli, Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori
— Bugungi konferensiya, umuman olganda, maqom va mugʻom sanʼatiga bagʻishlangan muhim anjumandir. Ozarbayjon mugʻomi va oʻzbek maqomi turkiy xalqlarning mushtarak maʼnaviy qadriyatlaridir. Xalqlarimiz aynan shu qadriyatlar asosida shakllangan. Bu bizning bebaho madaniy merosimiz hisoblanadi.
Bugun shu yerda Uchinchi xalqaro Maqom festivalining oʻtkazilishi turk dunyosidagi umumiy qadriyatlarni zamonaviy yondashuvlar asosida qayta jonlantirish va rivojlantirishning muhim vositalaridan biridir.
Biz maqom va mugʻom sanʼati orqali ushbu boy anʼanalarni yosh avlodga yetkazmoqdamiz. Shu tariqa ming yillik tarixga ega madaniyatimizni kelajak avlodlarga meros qilib qoldiryapmiz.
Bugungi kunda dunyo globallashuv jarayonini boshdan kechirayotgan, ilm-fan va texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir paytda maqom sanʼatini ana shunday shaklda yoshlarga yetkazish juda goʻzal tashabbusdir.
Istardimki, bu anʼana yanada rivojlansin hamda festival ikki yilda bir emas, balki har yili oʻtkazilsin. Chunki bu bizning madaniy merosimiz, milliy qadriyatlarimizdir.