Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya 17 sentyabr kuni Xitoyga amaliy tashrif doirasida Suntown Technology Group Co., Ltd. (SNTO) kompaniyasiga bordi. Tomonlar ishlab chiqarish va investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari hamda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
SNTO kompaniyasi 2003 yilda Chansha shahrida tashkil etilgan bo‘lib, alyuminiyni chuqur qayta ishlash va ilg‘or materiallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Tashrif davomida Toshkent viloyati vakillari kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari va zamonaviy texnologik jarayonlari bilan tanishdi.
Yuqori aniqlikdagi alyuminiy folgasi, sanoat profillari, yengil konstruksiyalar va qurilish uchun alyuminiy qolip tizimlarini ishlab chiqarishga alohida eʼtibor qaratildi. Delegatsiya vakillari, shuningdek, ishlab chiqarishda raqamli texnologiyalar va resurslarni tejovchi yechimlarni qo‘llash bilan tanishdi.
Muzokaralar davomida Toshkent viloyatida qurilish uchun zamonaviy alyuminiy qolip tizimlari hamda ekologik toza qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ilg‘or “yashil” texnologiyalarni joriy etish va SNTO kompaniyasining Markaziy Osiyo bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Kompaniyaning ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari sifatida SNTO Milliy texnologiya markazi va doktoranturadan keyingi ilmiy-tadqiqot stansiyasi faoliyatiga eʼtibor qaratildi.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va kompaniyaning yangi bozorlarga chiqishi belgilandi.